Pxenyan uchirgan raketa bir daqiqa ichida quladi

  • Amerika Ovozi

Janubiy Koreya qo'shnisidan ko'zini uzmayapti

Janubiy Koreya qo'shnisidan ko'zini uzmayapti

Shimoliy Koreya fazoga raketa uchirgan. Janubiy Koreya va Yaponiya qurolli kuchlari shay holatda. Lekin Tokio rasmiylarining tasdiqlashicha, raketa samoga ko'tarilgach bir minut ichidayoq qulagan. Sinov muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

Pxenyan rasmiylari orbitaga ob-havoni kuzatuvchi sun’iy yo’ldosh joylamoqchi ekanini ta’kidlab keladi.

Yaponiya Bosh vaziri Yoshixiko Noda Shimoliy Koreyani bu ahdidan qaytishga undab, agar raketa chegarani buzsa, urib tushiriladi degan. Janubiy Koreya ham ayni ogohlantirish bilan chiqqan.

Amerika bilan imzolangan bitimda tinch fazoviy tadqiqotlar qilmang, degan band yo'q, deydi Shimoliy Koreya rasmiylari

Amerika bilan imzolangan bitimda tinch fazoviy tadqiqotlar qilmang, degan band yo'q, deydi Shimoliy Koreya rasmiylari

Shimoliy Koreya rasmiysi, parvoz uchun mas’ul Pak Chang Xo kecha jurnalistlarga tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetib, raketaga yoqilg’i quyilganini aytgan edi.

"Boshqaruv pultiga chet el matbuotini chorlab, ballistik raketa sinayotganimiz haqidagi ayblovlarni puchga chiqardik", - deydi Pak.

"Sun’iy yo’ldosh olgan suratlarni boshqa davlatlar bilan o’rtoqlashamiz", - deydi rasmiy.

Rasmiy Seul chegaraga ehtiyot shart ko'proq qurol joylamoqda

Rasmiy Seul chegaraga ehtiyot shart ko'proq qurol joylamoqda

Shimoliy Koreya fazo dasturi mulozimi Ryu Gum Chol “Amerika Ovozi” bilan suhbatda maqsad faqat kosmik izlanishlar ekanini ta’kidladi.

“Qo’rqishga hojat yo’q. Bu tashabbus Shimoliy Koreya asoschisi, marhum Kim Ir Sen tavalludiga bag’ishlanadi... Bu raketa bomba tashuvchi vosita degan gaplar mantiqsiz”, - deydi u.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton fikricha esa Pxenyan qarama-qarshi bayonotlar bilan chiqib, xalqaro hamjamiyatni aldashga urinmoqda.

“Qo’shnilar va Amerika bilan aloqani yaxshilash haqida so’zlab turib, raketa uchirish nimasi?” - deydi u.

Janubiy Koreya razvedka xizmati jahon ommaviy axborot vositalariga uzatgan suratlar kommunist mamlakat ayni damda yadro qurolini sinash ustida ishlayotganidan dalolat beradi.

Raketa parvozi haqidagi xabalar Qo’shma Shtatlar va Shimoliy Koreya avvalroq erishgan bitimni ham bekor qilishi mumkin. Unga ko’ra, Pxenyan yadroviy izlanishlar va raketa dasturlarini to’xtatadi, evaziga bu nochor davlatga Amerika 240 ming tonna oziq-ovqat yetkazishi kerak edi.

Klintonning aytishicha, shimol amaldagi bu kelishuvni ham, BMT joriy etgan va Pxenyanga har qanday raketani sinashni man qiluvchi hujjatni ham buzmoqda.

Lekin Shimoliy Koreya rasmiylari mazkur bitimlarda tinch kosmik tadqiqotlarni o’tkazma degan band yo’q edi, deb javob qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG