Breaking News

Shimoliy Koreya "MERS" virusi tarqalishidan xavotirga tushdi


Janubiy Koreyada “MERS” deya ataladigan nafas olish organlari yallig’lanishiga oid virusning keng tarqalishiga yo’l qo’ymalik chora-tadbirlari kuchaytirilmoqda. Shu kungacha kasallikka chalinganlar soni 35 taga yetgan. Xastalarni boshqalardan ayirish va ko’proq maktablarni yopish bilan birga, virusning shimoldagi qo’shni o’lkaga o’tib ketmasligini ta’minlash choralari ham ko’rilmoqda.

Janubiy Koreyaning Birlashish vazirligi Shimoliy Koreyadagi Kesong sanoat majmuasiga uchta issiqlikni o’lchovchi skaner o’rnatishni rejalayotganini bildirdi. Bu yerda kasallik belgilari ko’ringan shaxslarni zudlik bilan tekshirish imkoniyati yaratiladi. Majmua ikki mamlakat o’rtasida tashkil etilgan sanoat zonasi bo’lib, u yerda 300-400 janubiy koreyalik va 52 ming shimoliy koreyalik ishlaydi.

Vazirlikning aytishicha, skaner va ishchilar o’zini himoya qilishi uchun kiyadigan niqoblar berilishini so’rab Shimoliy Koreya hukumati Seulga murojaat qilgan.

Shimoliy Koreyada hali “MERS” virusi bilan xastalangan biror shaxs aniqlangani yo’q. Bu choralar virus tarqalishining oldini olishga qaratilgan, deydi Janubiy Koreyaning Birlashish vazirligi.

Shimoliy Koreya yuqumli viruslarning o’z hududiga kirmasligi uchun keskin choralarni ko’rishi bilan taniqli. O’tgan yili Ebola virusi tarqalganda, Pxenyan sayyohlar kelishini taqiqlab, mamlakatga kirgan har qanday shaxsni 21 kunlik karantindan o’tishga majburlagan edi.

Janubiy Koreyada esa mutasaddi organlar o’ta xavfli kasallikka qarshi sust kurshganlikda ayblangan.

Janubiy Koreya Prezidenti Pak Gven Xe “MERS”ning tarqalishiga yo’l qo’ymaslik uchun barcha choralar ko’rilishi haqida gapirdi. Shunga qaramay, xastalar soni oshishda davom etmoqda. Shu hafta yana besh kishiga “MERS” virusi yuqqani aniqlangan.

Virus aniqlangan hududlarda yopilgan maktablar soni 800 dan oshgan.

Seul metro bekatlarida niqob kiyib yurgan odamlar soni kundan kunga oshayotganini ham kuzatish mumkin.

Janubiy Koreya, shuningdek, “MERS” yuqqan odam bilan aloqada bo’lgan odamlarga xorijga chiqishni taqiqlab qo’ydi. Bu chora virus bilan kasallangan bir tadbirkorning tashxis qo’yilmasdan oldin Xitoyga safar qilishi ketidan amalga oshirildi.

Birinchi kasallik o’tgan oy Yaqin Sharqqa safar qilgan janubiy koreyalikda aniqlangan edi. Yo’tal va isitma bilan og’rigan shaxs “MERS” tashxisini olguncha to’rtta shifoxonaga borgan. Bu orada u bir nechta odamga virus yuqtirishga ulgurgan.

“MERS” nafas olish yo’llarining yallig’lanishi kasalligi bo’lib, dastlab, tumovga o’xshash simptomlarni yuzaga chiqaradi. So’ng kasallik silga aylanib, buyrakni ishdan chiqarishi mumkin. Bu virus bilan kasallangan ilk bemor 2012-yil Saudiya Arabistonida aniqlangan. O’rtacha har to’rt bemorning bittasi halok bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG