Shimoliy Koreya kattaroq raketa sinoviga hozirlanayotgan bo'lishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Koreya uzoq masofali raketani sinash va sun’iy yo’ldoshni uchirish uchun zarur maydoncha va moslama qurilishini yakunlayotgan bo’lishi mumkin. AQSh-Koreya instituti tomonidan chop etilgan sun’iy yo’ldosh orqali olingan tasvirlarda shuni ko’rsa bo’ladi. AQShning Tinch okeanidagi harbiy-dengiz kuchlari qo’mondoni bunga jiddiy e’tibor qaratish kerakligini aytmoqda.

Chop etilgan tasvirlarga ko’ra, raketani uchirish maydonchasidagi qo’shimcha qurilmalar Shimoliy Koreyada sinovga tayyorlanayotgan raketaning hajmi kattaroq bo’lishiga ishoradir, deydi mutaxassislar.

Sinovning qanchalik muvaffaqiyatli bo’lishi hozircha ma’lum emas. 2012-yil aprelida Pxenyanda o’tkazilgan harbiy parad paytida qit’alararo ballistik raketasi ilk bor tanishtirildi. Biroq mutaxassislar u haqiqiy raketa bo’lganmi yoki maketimi, haligacha aniq bilmaydi.

2012-yil dekabrida esa Pxenyan bir necha bosqichli raketada orbitaga sun’iy yo’ldosh uchirdi.

Ralf Kossa AQShning Gavayi shtatida joylashgan xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi Tinch okeani forumi tahlil markazini boshqaradi. Uning aytishicha, agar xabarlar rost bo’lsa, xushyor tortish kerak.

"Agar Shimoliy Koreya ana shunday raketa yaratsa, uning hujumkor salohiyati oshadi, yadro qurollari himoyasi kuchayadi, buni jiddiy qabul qilishimiz kerak", - deydi Kossa.

Biroq, deydi ekspert, Pxenyan yadro boyegolovkasi bor uzoq masofali, qit’alararo raketa yaratishiga hali ancha bor.

AQShning Tinch okeanidagi harbiy-dengiz kuchlari qo’mondoni admiral Samuel Loklirning aytishicha, Amerika razvedka xizmatlari Shimoliy Koreya uzoq masofali raketalarini ishchi holatga keltirishidan qanchalik uzoq ekani haqida bir fikrga ega emas.

"Harbiy qo’mondon sifatida men eng yomon ehtimolni nazarda tutgan holda o’shanga qarab reja tuzishim kerak. Ya’ni Shimoliy Koreya nimasi borligini da’vo qilayotgan bo’lsa, o’shanga ishonib ish tutishim kerak. Shundan kelib chiqqan holda nafaqat barcha hududlarimiz, biz joylashgan Gavayi shtati, balki mintaqadagi barcha hamkorlarimiz va ittifoqchilarimiz mudofaasi va xavfsizligini ta’minlashga tayyor turishimiz kerak", - deydi admiral.

Unga ko’ra, Pxenyan haqiqatan yadro qurolini yaratishda va raketalarini takomillashtirishda olg’a qadam tashlashda davom etmoqda.

Admiral nazarida jahon hamjamiyatining Shimoliy Koreya sinovlariga munosabati bo’sh.

"Shimoliy Koreyaning hulqi xavotir uyg’otishi kerak. Chunki u xalqaro hamjamiyat qilmaslikni so’ragan ishlarni qilishga o’rgangan. Xoh raketa ishlab chiqarish texnologiyasi bo’lsin, xoh yadro texnologiyasi, uzoq muddatda Pxenyan olg’a qadam tashlamoqda. Aks holda bu ishdan voz kechgan bo’lardi. Bu hol har safar qayta-qayta takrorlangan sari xalqaro hamjamiyatning ko’zi bunga o’rganib, uning beparvoligiga guvoh bo’lyapmiz. Biz Shimoliy Koreyadan yadro dasturini to’xtatishni talab qilishda davom etishimiz kerak", - deydi admiral.

Loklir AQShning Janubiy Koreya va Yaponiya kabi ittifoqchilari o’rtasidagi sovuqlikdan tashvish bildiradi. Bunga sabab Tokioning militaristik o’tmishi va 20-asrning birinchi yarmida Koreyani bosib olgani.

"Janubiy Koreya va Yaponiya o’rtasidagi siyosiy muammolar AQShning ular bilan harbiy aloqa qilishiga shubhasiz ta’sir qiladi. Bu davlatlar xavfsizlik bobida mushtarak manfaatlari borligini va shu tufayli ikki tomonlama va uch tomonlama harbiy hamkorlikdan birday foyda ko’rishlarini anglashi zarur. Har ikkisining umumiy tashvishi bor, u ham bo’lsa Shimoliy Koreya. Ular siyosiy kelishmovchiliklarini hal etishga harakat qilishi lozim va AQSh ularni bunga da’vat etib turishi lozim. Shundagina barchamiz mintaqaviy xavfsizlik yo’lida birgalikda harakat qilsak bo’ladi", - deydi admiral Loklir.

Unga ko’ra, ayrim siyosiy sabablar va cheklovlar bois Janubiy Koreya va Yaponiya raketa mudofaasi masalalarida ma’lumot almasha olmaydi. Bu umumiy xavfsizlikka zarar, deydi AQSh admirali.

Tinch okeani forumi tahlilchisi Bred Glosserman nazarida bu ikki davlat o’rtasidagi kelishmovchiliklar hali beri bartaraf etilmaydi.

"Bu oson emas. Yaponiya va Janubiy Koreya oliy rahbariyatida muammoni hal etish uchun siyosiy iroda yo’q. Yaponiya nazarida Janubiy Koreya o’tmish ginalarini unutolmay kelajakda ham shunday bo’lishidan xavotirda. Tokio qo’shnisining bunday siyosatidan charchagan. Janubiy Koreyada esa Yaponiya ishonchsiz hamkor sifatida gavdalanadi", - deydi ekspert.

Glossermanning aytishicha, Yaponiyaning 1-iyulda e’lon qilingan kollektiv mudofaaga doir yangi siyosati Janubiy Koreyada shubha bilan qabul qilinib, mahalliy matbuotda bo’rttirib ko’rsatilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG