Shimoliy Koreya yana raketa sinovi o’tkazmoqchi

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Koreya aprel oyi o’rtalarida orbitaga sun’iy yo’ldosh uchirmoqchi. Diplomatlar va tahlilchilar fikricha, xalqaro jamoatchilik ko’rsatayotgan bosim Pxenyanni bu sinovlardan voz kechishga ko’ndirishi qiyin.

Shimoliy Koreyani raketa sinovidan voz kechishga chaqirayotganlar orasida BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham bor.

“Shimoliy Koreya rahbariyatini Koreya yarimorolidagi vaziyatni, tinchlik va muvozanatni buzuvchi bu harakatdan o’zini tiyishga chaqiraman. Bu ish xalqaro hamjamiyatning umid-istaklariga ham ziddir”, dedi BMT rahbari.

Pan Gi Munning aytishicha, raketa sinovi Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga ham ziddir. Bosh kotib masalani keyingi hafta Seulda o’tkaziladigan yadro xavfsizligiga doir xalqaro sammitda ham ko’tarmoqchi.

Shimoliy Koreya ilmiy maqsadlarda samoga yo’ldosh chiqarishga haqli ekanini ta’kidlab keladi. Xalqaro hamjamiyat xavotiriga ko’ra, kommunistik davlat yadro qurolini tashiy oladigan raketalarini fazoga uchirishni sinab ko’rmoqchi. Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi Shimoliy Koreyaga ballistik raketa parvozlarini taqiqlaydi. Xalqaro bosim va jazo choralariga qaramay, Shimoliy Koreya 2006-yil yadro qurolini muvaffaqiyatli sinovdan o’tkazgani aytiladi.

Rasmiy Pxenyanning ogohlantirishicha, agar Seul sammitida Shimoliy Koreya yadro dasturi muhokamaga qo’yilsa, Janubiy Koreya va uning ittifoqchilariga urush e’lon qiladi.

Tahlilchilar fikricha, bu tahdidlar xavotir uyg’otmasa-da, ogoh bo’lish lozim.

Garvard Universitetining yetakchi ilmiy xodimi, uzoq yillar AQSh Milliy xavfsizlik kengashida ishlagan Villiam Tobining aytishicha, Shimoliy Koreyadan har narsani kutish mumkin.

“Ular har hafta g’alati gaplarni gapirishadi. Ora-orada g’alati ishlarga ham qo’l urib turishadi. Masalan, Janubiy Koreyaning suvosti kemasini cho’ktirishdi. Orolini ham o’qqa tutishdi. Bundan ham oldin terrorchilik ishlarini amalga oshirishgan. Shu sabab Shimoliy Koreya tahdidini jiddiy qabul qilish kerak, lekin haqiqatga qanchalik yaqin ekani noma’lum”, deydi tahlilchi.

Xalqaro kuzatuvchilar fikricha, Pxenyan raketa sinovlari muammoni diplomatik yo’l bilan hal qilishga qaratilgan umidlarni puchga chiqarmoqda.

O’tgan oy Qo’shma Shtatlar yadro sinovlarini qisman to’xtatish evaziga Shimoliy Koreyaga oziq-ovqat va’da qilgan edi. Vashington nazarida Pxenyan o’tkazayotgan yangi sinovlar bu kelishuvni yo’qqa chiqarishi mumkin.

Markaziy razvedka boshqarmasi sobiq tahlilchisi Syu Mi Terrining aytishicha, kelishuvlar ortidan ularni barbod qiluvchi amaliyotlarga qo’l urish Pxenyan o’rganib qolgan odatlardan biri. Shimoliy Koreyani murosaga chaqiruvchi harakatlardan naf chiqishi qiyin, deydi u.

Ayrim diplomatlar va tahlilchilar fikricha, Shimoliy Koreyaning harbiy va siyosiy rahbarlari orasida mutaassib doiralar murosaga kelishni istovchi liberal guruhlar ovozini o’chirishga harakat qilyapti. Yadro dasturini to’xtatish bobida Vashington bilan imzolangan bitim ortidan yangi sinovlar haqidagi gap bunga yaqqol misol, deydi kuzatuvchilar.

AQSh Kongressiga ommaviy qirg’in qurollari bo’yicha maslahatchilik qilgan Sharon Skvassonining aytishicha, Shimoliy Koreyada ham tashqi dunyo istaklariga xayrixoh odamlar bor.

“Shimoliy Koreyaning oxirgi ishlari hatto eng tajribali kuzatuvchilarni ham esankiratib qo’ydi. Men o’tgan yili Kim Chen Ir o’limidan oldin Pxenyanda edim. Hukumatdagi biz gaplashgan odamlar hamkorlik uchun ochiqdek ko’rindi. Nazarimda hozirgi jarayonlarni Kim Chen Un hokimiyatni to’liq qo’lga olguncha tabiiy bir hol deb ko’rish kerak”, deydi Skvassoni.

Yosh Kim o’tgan yilning dekabr oyida otasi vafotidan so’ng mamlakat tepasiga keldi. Ko’pchilik nazarida rahbar almashishi silliq kechgan. Ammo tahlilchi Terri nazarida bunday emas.

“Vorisning cho’qqiga chiqishi oson kechmayapti. Kim Chen Un hali ham mavqeini mustahkamlash bilan ovora. Bu voqealar shundan dalolat beradiki, Shimoliy Koreyada ichki bo’linish bor. Demak, mamlakatda vaziyat notinch. Bu esa yanada xavfli”, deydi tahlilchi.

Shimoliy Koreyadan kelayotgan tahdidlar soni oshib borar ekan, Janubiy Koreya o’z raketalari zaxirasini boyitish va yaxshilash borasida AQSh bilan bitim imzolash arafasida. Hozirda Seul tasarrufidagi ballistik raketalar 300 kilometr masofagacha uchish quvvatiga ega bo’lib, har biri 500 kilogrammgacha og’irlikda qurol tashiy oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG