Shimoliy Koreya AQShning yangi sanksiyalaridan g'azabda

  • Amerika Ovozi

Janubiy Koreya AQShning Shimoliy Koreyaga qarshi yangi moliyaviy sanksiyalarini olqishlamoqda, Pxenyan esa jazo choralari u bilan yadro dasturi bo’yicha kelishishda g’ov bo’lishini aytmoqda.

Janubiy Koreya AQSh sanksiyalaridan qoniqishini aytar ekan, jazo choralari Shimoliy Koreya bilan aloqalariga qanday ta’sir qilishini izohlamayapti.

Pxenyan Qo’shma Shtatlar qarorini dushmanona harakat deb baholadi. Vashington Shimoliy Koreyani noyabr oyida “Sony Pictures” kinokompaniyasiga qarshi kiber-xurujda ayblab, shunday qarorga keldi. Pxenyan ayblovlarni inkor etib, AQSh taftishi uning aybini to’liq isbotlay olmaganini da’vo qildi va Vashingtonga qo’shma taftish taklif qildi.

“Sony Pictures” “Intervyu” deb nomlangan yangi filmining premyerasidan oldin xakerlar hujumiga uchraganini ma’lum qilgan edi. Komediya janrida ishlangan kartinada Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un mazah etilgan. Pxenyan filmni qoralagan, ammo xakerlar hujumiga aloqadorligini inkor etgan. O’zini “Tinchlik posbonlari” deb atovchi bir guruh bu ishga qo’l urganini da’vo qildi.

AQSh Federal qidiruv byurosi taftish o’tkazib, aybni Shimoliy Koreya hukumatiga yukladi. Biroq matbuotda bu borada fikr bildirgan kiber-mutaxassislar Pxenyanning bu ishga aloqadorligi xususida shubha bildirdi.

O’tgan juma kuni AQSh Moliya vazirligi Shimoliy Koreyaga aloqador uch tashkilot, jumladan asosiy razvedka idorasi hamda qurol eksporti bilan shug’ullanuvchi 10 shaxsni sanksiyalar ro’yxatiga kiritdi. Endi ularning AQSh va xalqaro moliya xizmatlaridan foydalanishi qiyinlashadi.

Moliya vaziri Jek Lyuning aytishicha, Qo’shma Shtatlar o’z fuqarolari va kompaniyalarini himoya qilish uchun bor imkoniyatlarni ishga solib, AQSh milliy xavfsizligi yoki qadriyatlarini yemirishga qaratilgan harakatlarga dadil javob beradi.

Prezident Obama qo’shimcha sanksiyalarni Pxenyanning provokatsion, buzg’unchi, repressiv harakatlari va siyosatiga javob deya baholadi. Oq uy qo’shimcha choralar ko’rilishi ehtimolini tilga oldi.

Senator Robert Menendezning aytishicha, Shimoliy Koreyani terrorizmni qo’llab-quvvatlovchi davlatlar ro’yxatiga qaytib qo’shish kerak.

Vashingtondagi Koreya iqtisodiy instituti tahlilchisi Troy Stangaronening aytishicha, Obama ma’muriyati Shimoliy Koreyaga xakerlik xuruji oqibatida Sony yo’qotgan miqdorda zarar yetkazmoqchi.

"Pxenyan esa moliyaviy sanksiyalarni aylanib o’tish uchun pullarini oz miqdorda, bir necha qism qilib turli kanallar orqali o’tkazmoqda", - deydi u.

Yangi yil kuni Shimoliy Koreya rahbari janubiy qo’shnisi bilan muloqot va hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirgan. Seul shu oy Shimoliy Koreya bilan yuqori darajada uchrashuvlar o’tkazishni taklif qilgan.

Stangaronening aytishicha, AQSh sanksiyalari Seul-Pxenyan aloqalariga ta’sir qilmaydi.

"AQSh Davlat departamenti Janubiy Koreyaning shimoliy qo’shnisi bilan munosabatlarni yo’lga qo’yish harakatlarini qo’llab-quvvatlashini bildirgan. Shimol-janub o’rtasidagi har qanday harakatning meva berishiga ancha vaqt ketadi", - deydi tahlilchi.

Stangaronening aytishicha, Janubiy Koreya Pxenyanga yangi birlashish qo’mitasini tuzishni taklif etgan, ammo shimol bu taklifga hozircha javob bermagan.

"Yangi yil kungi chiqishida Kim Chen Un taklifni rad etmagani ijobiy hol", - deydi ekspert.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG