Breaking News

Afg'oniston shimoli jangarilardan tozalanar ekan, xalq Do'stumdan minnatdor


General Abdul Rashid Do’stum (o'rtada) shimoldagi janglar Qunduz, Badaxshon kabi viloyatlarga ko’chadi deya bildirgan
General Abdul Rashid Do’stum (o'rtada) shimoldagi janglar Qunduz, Badaxshon kabi viloyatlarga ko’chadi deya bildirgan

Afg'onistonda o'zini "Islomiy davlat" deb targ'ib qilayotgan kuchlar mamlakat shimolida armiya bilan to'qnashishda davom etmoqda, deydi kuzatuvchilar. Vitse-prezident, o'zbek lider, general Abdul Rashid Do'stum boshchiligidagi qo'shin Faryob viloyatidagi qishloqlarni jangarilardan tozalagan. Harbiy amaliyot boshqa viloyatlarda ham davom etishi kutilmoqda. Mahalliy nodavlat tashkilotlar general Do'stumni qahramon deb e'lon qilgan, hatto generalga "marshal" unvonini berish muhokamada.

Afg'oniston shimolida ekstremistlarga qarshi janglar, o'zbeklar general Do'stumdan minnatdor
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:59 0:00

Hozirga kelib general yetakchiligida o’nlab qishloqlar ekstremistlardan ozod qilingan, jumladan bir necha yillardan buyon toliblarning shimoldagi asosiy qarorgohi sifatida ko’rilgan Qaysor tumani.

Afg’onistonlik faol o’zbeklardan Xayr Muhammad Saljuqiy deydiki, Faryob viloyatining ko’plab qishloqlari toliblar va endilikda “Islomiy davlat” degan nom ostida kurashayotgan kuchlar nazoratidan chiqqan, harbiy amaliyotlar esa mamlakatning boshqa viloyatlarida davom etishi aytilmoqda.

“Qishloqlarni 80-90 foizi terrorchilardan tozalangan. Uzoq to’gli qishloqlar qolgan, yaqinda u qishloqlar ham toliblardan, xorijiy terrorchilardan tozalanadi”, - deydi u.

General Do’stum shimoldagi janglar Qunduz, Badaxshon kabi viloyatlarga ko’chadi deya bildirgan.

Aksariyat aholisi o’zbeklardan iborat Faryob viloyatida yuzlab qishloqlar tolibon iskanjasida ekan, Do’stum o'tgan oy Turkiya safaridan shoshilinch qaytib, mahalliy xalqni toliblarga qarshi jangga tayyorlay boshlagan edi. Generalning matbuotga bergan bayonotiga ko’ra, unga qarshi kurashayotganlar qatorida chechenlar, uyg’urlar, shuningdek, ko’plab o’zbekistonlik jangarilar bor.

“Islomiy davlat” tarkibiga kirganini e’lon qilgan O’zbekiston islomiy harakati internetda qayd etishicha, Afg’onistonda xorijiy jangarilarga qarshi kurash boshlagan Do’stum alohida nishonda, hatto generalning bu kurashidan natija bo’lmasligi iddao qilinadi.

O’zbekistonlik tarixchi olim Shuhrat Barlos Afg’onistondagi vaziyatni kuzatib keladi. Uning tahlilicha, general Do’stum o’z harbiy amaliyotlari bilan toliblarning nazoratiga chek qo’yishi mumkin.

“Abdul Rashid Do'stumga davlatdan ko’ra xalqning dastagi sezilayapti. Oldin tolibon qolida bo’lgan yuzlab qishloqlar ozod qilindi. Jangarilar bostirib kelayapti degan narsalar to’xtadi. Xalqning o’zi u bilan birga harakatga kirayapti. Endi Badaxshon, Qunduz masalasi qo’yilayapti, shimol faqat Faryobdan iborat emas-ku. Tan olish kerak, tolibon guruhi u yerda yo’q qilindi. Tolibon loyihasi yo’q. Endi shimolda tolibon proyektidan chechenlar, O’zbekistondan borgan terrorchilar, Tojikistondan borganlar, keyin Pokiston jo’natgan toliblarning qoldiqlari qolishdi”,- Shuhrat Barlos.

Generalning harbiy muvaffaqiyati shimoldagi jamoatchilik, nodavlat tashkilotlar tomonidan e’tirof etilib, mahalliy aholi orasida va ijtimoiy tarmoqlarda general Do’stumga marshal unvonini berish lozim, degan taklif yangray boshlagan.

“Bu yerdagi madaniy, ijtimoiy-huquqiy, nodavlat tashkilotlar general Do’stumga qo’rqmas general faxriy unvonini berishdi. Bu davlatga tegishli emas. Mana Qaysorda butun boshli afg’on armiyasi 4-5 yil ololmay kelgan joylarni general boshchiligidagi 1,5 mingga yaqin qo’shin oldi... Hozir genaralga marshal unvoni berish mafkurasi ko’tarilyapti. Albatta bu g’oya birinchi o’zbekistonlik tarixchi Shuhrat Barlos tomonidan surilgan edi. Endi yoshlar buni ijtimoiy tarmoqlarda ham muhokamaga chiqarishgan”, - deydi Xayr Muhammad Saljuqiy.

Shuhrat Barlos fikricha, rasmiyatchilikdan xoli bu shaxsiy tashabbusdan maqsad - general xizmatini tan olish.

“Ahmad Shoh Mas’ud yordamchisi bo’lib yurgan, bir-ikki marta jangga kirgan odamlarga marshal unvoni berilgan. 40 yildan beri eng oldingi chiziqda urushib kelayotgan odam esa haliyam general. Mana Faryobni yana tozalaganidan keyin unga marshal unvonini beradigan vaqt keldi. Men tarixchi sifatida marshallarga doir ma’lumotlarni o’rgandim, shunga qarab aytayapman, Abdul Rashid Do’stumni unvondan chetlatib qo’yishayapti. U harbiy, askariy amaliyotlar qilib kelayotgan odam. Albatta bu mening shaxsiy tashabbusim”, - deydi Shuhrat Barlos.

Abdul Rashid Do’stumning O’zbekiston hukumati bilan bugungi aloqalari qanday, bu ma’lum emas. Rasman oshkor etilmaydi. Afg’onistondan keladigan tahdidni bartaraf etishda general imkoniyatini yaxshi bilgan Toshkent uni zimdan qo’llab kelayotgani haqida mulohazalar bor xolos. So’nggi paytlarga kelib o’zbek matbuotidagi ayrim nashrlarda general Do’stumga doir xabarlar ko’zga tashlanadi.

O’zbekiston Afg’oniston shimoldagi o’zbeklar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni anchadan buyon to’xtatgan.

O’zbek ma’naviyati haqidagi kitobi yaqinda Mozori Sharifda chop etilgan olim Shuhrat Barlosga ko’ra, aloqalar sust ekani Afg’onistondagi notinchlik bilan bog’liq. Ammo, deydi u, bor imkoniyatdan foydalanib, o’zbeklar orasidagi rishtalarni mustahkamlayverish kerak.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG