Isyonchi guruhlarning tarqoqligi Assadning yutug'i

  • Amerika Ovozi

Taybat al-Imom shahri, Suriya

Taybat al-Imom shahri, Suriya

Suriya shimolida jangarilar o'zaro urushda. Ulardan biri "Islomiy davlat" bilan yaqindan hamkorlik qilayotgani haqida xabarlar tarqalgach, boshqalar unga qarshi urush e'lon qilgan.

Idlib viloyati - asosiy jang maydoni. Suriya va Rossiya havo kuchlari ham ularni aynan shu hududda nishonga olmoqda.

Jangarilar o'z nazoratidagi yerning 30 foizini boy bergan va hozirda hukumat bilan olishayotgani yo'q, deya bildiradi ishonchli manbalardan biri - Suriya Inson Huquqlari monitoring markazi.

“Hukumat kuchlari g'alaba qozondik desak arziydi”, - deydi Rami Abdulrahim, tashkilot rahbari. “Jangarilar bir-birining go'shtini yeyish bilan band, davlat esa yoppasiga zarba berib, ularni bittama-bitta yo'q qilmoqda".

Yaqinda Hama viloyatida ham shunday hol kuzatilgan edi.

2012-yilda fuqaro urushi boshlanganida, Suriyada 12 taga yaqin isyonchi guruh bor edi. Hammasi Prezident Bashar al-Assadga qarshi qurol olgan edi.

Ahror al-Sham va Jund al-Aqsa degan to'dalar orasidagi janglarda shu kunlarda kamida 100 kishi o'lgan.

Idlib viloyati

Idlib viloyati


Idlib strategik viloyatdir. Turkiya bilan chegaradosh. Xorijdan kelgan madadni olish qiyin emas. Bu hududni deyarli jangarilar nazorat qiladi.

Idlibdagi eng kuchli guruh Fotih al-Sham fronti bo'lib, uni yaqingacha al-Qoida hamkori deyishar edi. AQSh uni terrorchi guruh deb hisoblaydi. 2015-yilning martida Idlib tamoman uning qo'liga o'tgan va armiya haydab chiqarilgan edi.

Idlibga "Islomkiy davlat" yetib kelmagan

Idlibga "Islomkiy davlat" yetib kelmagan

Amerika boshchiligidagi koalitsiya Fotih al-Shamni ko'p marta nishonga olgan va Pentagonga ko'ra, o'tgan hafta Idlibda uning lideri yo'q qilingan.

Fotih al-Sham hozirda Jund al-Aqsa va Ahror al-Sham orasida murosachi ekani ma'lum va ayrim manbalar sulh haqida xabar bermoqda.

"Islomiy davlat" Idlibga yetmagan, lekin u yerda o'z ta'sirini kengaytirish harakatida. Guruh Idlib yoshlarini o'z safiga chorlab keladi. Ko'plab yigitlar unga qo'shilgan va viloyatda maxfiy tizim bor, deydi mahalliy rasmiylar.

Jund al-Aqsa "Islomiy davlat" bilan apoq-chapoq degan ma'lumotlar ketidan qarshilik avj oldi, deydi Sadriddin Kinno, suriyalik muxbir.

Jund al-Aqsa bugunga kelib Fotih al-Shamga sodiq ekanini bayon qilgan. "Islomiy davlat" bilan hech qachon yaqindan aloqa qilinmagan, deya bong urmoqda bu to'da yetakchilari.

Jangari va isyonchi guruhlar birlashgan holda kurashmas ekan, Suriyada hukumatni o'zgartira olmaydi. Ularning tarqoq ekani esa Assadga qo'l keladi, deydi siyosatdonlar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG