Nyu-York Tayms: AQSh razvedkasi xorijga sotilgan kompyuterlar orqali josuslik qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Nyu-York Tayms gazetasi AQSh Milliy xavfsizlik boshqarmasi salkam 100 ming kompyuterga maxsus programma o’rnatganini, bu kompyuterlar dunyo bo’ylab tarqalib, josuslik idorasiga kuzatuv olib borishga imkon berganini da’vo qilmoqda.

Maqolada aytilishicha, boshqarma bu bilan nafaqat kompyuter tarmoqlariga kira olishi, balki kompyuter internetga ulanmagan taqdirda ham undagi axborotni o’zgartirishi mumkin.

Gazeta manba sifatida agentlik hujjatlari, AQSh rasmiylari va kompyuter sohasidagi mutaxassislardan foydlanganini aytadi.

Prezident Barak Obama ertaga Milliy xavfsizlik boshqarmasi ish uslubiga o’zgartirishlar haqida ma’lum qilishi kutilmoqda. Uning yordamchilariga ko’ra, tashkilotning josuslik dasturi qisqartiriladi, ammo Oq uy qo’mitasi taqdim etgan barcha tavsiyalarni amalga oshirmaydi.

Masalan, millionlab amerikaliklarning qo’ng’iroqlariga oid ma’lumotlarni to’plash amaliyoti cheklanishi mumkin. Shuningdek, xorij mamlakatlari rahbarlari qo’ng’iroqlarini kuzatishga ham yangi shartlar qo’yiladi. Maxfiy razvedka sudi oldida fuqarolar huquqlarini himoya qiluvchi rasmiy tayinlanishi haqida ham taxminlar bor.

Obama yordamchilariga ko’ra, telefon qo’ng’iroqlariga oid to’plangan ma’lumotlar agentlikdan tashqariga chiqmaydi.

Nyu-York Taymsda chop etilgan maqolada da’vo qilinishicha, boshqarmaning kuzatuv programmasi o’rnatilgan kompyuterlar Rossiya harbiy tarmoqlarida, Meksika politsiyasi va narkokartellarida, Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlardagi savdo guruhlarida, Saudiya Arabistoni, Hindiston va Pokiston kabi hamkor davlatlarda qo’llanmoqda. Bunday kompyuterlarning AQSh ichida sotilgani haqida gazetada ma’lumot yo’q.

Nyu-York Tayms oshkor etgan ma’lumotlar Milliy xavfsizlik boshqarmasining Rossiyaga qochgan agenti Edvard Snouden tarqatgan hujjatlarga asoslangan. Agentlikka ko’ra, Snouden 1,7 million dona hujjat o’g’irlagan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG