Apellyatsiya sudi maxfiy kuzatuv dasturini noqonuniy deb topdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Milliy xavfsizlik boshqarmasi

AQSh Milliy xavfsizlik boshqarmasi

AQSh apellyatsiya sudi Milliy xavfsizlik boshqarmasining Amerika bo’ylab ma’lumot to’plashga qaratilgan maxfiy loyihasini noqonuniy deb topdi.

Sud qarori qonunchilar orasida kuchli munozara uyg’otdi.

Uch sudyadan iborat federal hay’at xulosasiga ko’ra, aksariyat qonunchilar va jamoatchilikdan sir saqlangan dasturni Kongress tasdiqlashi mumkin bo’lmagan.

Dasturga muvofiq Milliy xavfsizlik boshqarmasi millionlab odamlarning telefon qo’ng’iroqlariga oid ma’lumotlarni, telefon raqamlarini to’plab borgan.
Amerikaliklarning 2001-yil 11-sentabr xurujlaridan so’ng qabul qilingan programmadan xabari bo’lmagan. Boshqarma sobiq agenti Edvard Snouden uni jamoatchilikka oshkor etgach, bu borada tergov boshlangan, shov-shuv ko’tarilgan.

Snouden boshpana so’rab Rossiyaga qochgan.

Demokrat-senator Richard Blumental apellyatsiya sudi qarorini olqishladi.

“Bu tarixiy voqea. “Xorijiy razvedka kuzatuvi haqidagi qonun”ning xato ekanini ko’rdik. Uni isloh etish lozim”, - dedi qonunchi.

AQSh 2001-yildan beri terrorizmga qarshi alohida shijoat bilan kurashar ekan, 1978-yilda qabul qilingan qonunga so’nggi yillarda bir necha tuzatishlkiritilgan. Undagi ma’lumot to’plash haqidagi band oy oxirida o’z kuchini yo’qotadi. Kelasi bir necha haftada bu tuzatishlarni bekor qilish yoki yangilash masalasi ovozga qo’yiladi.

Respublikachi senator Den Koutsning aytishicha, axborot to’plash amaliyotini to’xtatmaslik kerak. Qonunchi sud qaroriga qo’shilmaydi.

“Islomiy davlat” Amerikada ko’plab odamlari borligini va mamlakatda terror xurujlari uyushtirmoqchi ekanini e’lon qilgan ekan, dastur xurujlarning oldini olishga yordam beradi”, - deydi senator Kouts.

Boshqa qonunchilar Oliy sud apellyatsion sud qarorini bekor qilishini bashorat qilmoqda.

Bundan oldin quyi sud kuzatuv dasturini qonuniy deb chiqqan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG