Eron mojarosi siyosiy nufuzni oshirish vositasimi?

  • Amerika Ovozi

Eronda parlament saylovlarida aksariyat o’rinlar oliy diniy rahnamo Oyatulla Ali Xomeneiy tarafdorlariga nasib etdi.

Eronda parlament saylovlarida aksariyat o’rinlar oliy diniy rahnamo Oyatulla Ali Xomeneiy tarafdorlariga nasib etdi.

Eron yadro dasturi atrofidagi munozaralar nafaqat xalqaro diplomatik munosabatlarga, balki shu munozaralarda ishtirok etayotgan davlatlar ichki siyosatlariga ham ta’sir ko’rsatmoqda. AQSh, Isroil va Eronda bo’lib o’tgan yoki yaqinda bo’ladigan saylovlarda Eronning yadro dasturi masalasi nomzodlarning saylov kampaniyasidan o’rin olgan muhim mavzulardan biri.

Isroil Eron yadro inshootlariga hujum qilish tarafdori va buning uchun AQShdan madad so’rayapti. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan yaqinda Oq Uyda uchrashgan prezident Barak Obama urush qilishga shoshmaslik kerakligini ta’kidlab, iqtisodiy jazo choralari ishlashi uchun vaqt kerakligini aytdi.

Isroil hukumatining sobiq mulozimi, hozirda “Yangi Amerika jamg’armasi” nomli tahlil markazida Yaqin Sharq ishchi guruhini boshqarayotgan Daniel Levining aytishicha, Netanyaxu Eron masalasida qattiqqo’llik ko’rsatib, Isroilda siyosiy obro’sini oshirish niyatida

“Faqat siyosiy obro’ yig’ish uchun qilyapti deb aytolmayman, ammo uning siyosatchi ekanini unutmaylik. Tahlillarda go’yoki Isroilda siyosiy kurash yo’qdek. Masalaga siyosiy nuqtai nazardan e’tiboringizni qaratmoqchiman xolos. Netanyaxu uchinchi bor bosh vazirlik kursisini egallashga yaqin turibdi”, - deydi Isroil sobiq rasmiysi.

Benyamin Netanyaxu, Isroil Bosh vaziri

Benyamin Netanyaxu, Isroil Bosh vaziri

Isroil parlamenti Knessetga saylov 2013-yil oktabrigacha o’tkazilishi kerak. Tahlilchilar nazarida, Netanyaxu saylovlarni erta o’tkazishi ham mumkin. So’nggi ommaviy so’rovda qatnashgan isroilliklarning 42 foizi Isroil AQSh fotihasini olsa, Eronga hujum qilish kerak, deb hisoblaydi.

Isroilga xayrixoh lobbichi guruh – Amerika-Isroil jamoatchilik ishlari qo’mitasining (American Israel Public Affairs Committee) Vashingtondagi yillik yig’inida Netanyaxu nutq so’zlab, Isroil Eronga qarshi jiddiy chora ko’rish uchun uzoq vaqt kuta olmasligini ta’kidladi.

Tahlilchi Daniel Levining aytishicha, bosh vazirning Eronni bot-bot tilga olib, Falastin muammosini yoddan chiqarishi uning saylov oldidan siyosiy reytingini oshirishga qaratilgan harakatdir.

“Netanyaxu o’ng qanot koalitsiyadagi safdoshlariga Eron masalasi Falastin mavzusidan muhimroq ekanini ko’rsatib, pozitsiyasini kuchaytirmoqchi”, deydi mutaxassis.

AQShda prezidentlikka da’vogar respublikachilar ham Eronga qarshi jiddiyroq bosim o’tkazish kerakligini qayta-qayta ta’kidlab, Obamaning bu masalada bo’sh kelayotganini aytishmoqda. Nomzodlardan biri Mitt Romni AQSh harbiy qudrati bilan Eronning popugini pasaytirishi kerak degan fikrda.

“Prezident harbiy kuch bilan tahdid solib, kerak bo’lsa, Eronning yadro quroliga ega bo’lishining oldini olish uchun urush ochishga tayyor ekanini aniq bayon qilishi kerak”, - deydi Romni.

Nodavlat milliy xavfsizlik tarmog’i ijrochi direktori Xiter Xerlburtning fikricha, respublikachilar Obama Eronga qarshi bo’shlik qilmoqda, degan qarashni omma orasida yoyishga harakat qilmoqda.

“Barak Obama eng katta yutug’i milliy xavfsizlik bobida ekanini, Osama bin Ladenni o’ldirganini vaqti-vaqti bilan ta’kidlar ekan, uni mana shu masala bo’yicha so’roqqa tutish kerak. Buning uchun Eron eng yaxshi mavzu. Terrorizm masalasida Obamaning aybini topish qiyin, Iroq yoki Afg’oniston bo’yicha ham tanqid qilib bo’lmaydi, chunki amerikaliklar bu urushlardan charchagan va askarlarning uyga qaytishini xohlashadi”, - deydi tahlilchi.

Eronda yaqinda parlament saylovlari o’tdi. RAND korporatsiyasi yetakchi tahlilchisi Alirizo Nodir fikricha, hatto diniy Eronda ham siyosiy qarashlar turlicha.

Prezidentlikka da'vogar respublikachi Mitt Romni

Prezidentlikka da'vogar respublikachi Mitt Romni

“Siyosat Eronda muhim rol o’ynaydi. Mamlakatda yagona siyosiy tizim bor va barchaning o’yu-xayoli yadro quroli yaratishda degan xato tushuncha mavjud. Erondagi siyosiy tafovutlar tashqi siyosat va yadro dasturiga bevosita ta’sir qiladi”, - deydi Nodir.

Parlamentdagi aksariyat o’rinlar oliy diniy rahnamo Oyatulloh Ali Xomeneiy tarafdorlariga nasib etdi. Amaldagi prezident Mahmud Ahmadinejodga xayrixoh nomzodlar esa yaxshi natija ko’rsatmadi. Tahlilchilar fikricha, bu prezident ta’sir doirasining qisqarishiga sabab bo’ladi.

Milliy Eron-Amerika kengashi prezidenti, Barak Obamaning Eronga doir siyosati haqida kitob yozgan Trita Parsining aytishicha, oliy rahnamo yangi maslahatchilar guruhini yig’ib, natijada G’arb bilan muzokaralarda yangicha yondashuvlar yuzaga chiqishi mumkin.

“Tashqi dunyo bilan aloqalarda qanchalik ochiq bo’lish kerak, degan masalada Erondagi siyosiy guruhlar o’rtasida farqli qarashlar mavjud. Bu aslida ijobiy hol, chunki AQSh va Eron boshi berk ko’chaga kirib qolmasdan oldin qandaydir murosaga kelishi zarur. Ular allaqachon shu ko’chaning boshida turibdi”, - deydi tahlilchi.

Murosa yo’lining mavjudligi haqida umid qilishga sabablar bor. Eron yaqinda “P5+1” deya nomlanuvchi guruh ishtirokidagi muzokaralar stoliga yana qaytish niyati borligini bildirdi. Guruhga BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi va Germaniya kiradi.

Isroilning Eronga qarshi hujum boshlash haqidagi tahdidlari muzokaralar istiqboliga pand berishi mumkin. Shuningdek, Isroil ushbu yig’inlarning samara berishiga ishonmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG