Qirg'iziston yadroviy xavfsizlik bobida choralar ko'ra boshlagan


Qirg'iziston yadroviy xavfsizlik bobida choralar ko'ra boshlagan

Qirg'iziston yadroviy xavfsizlik bobida choralar ko'ra boshlagan

Qirg’izistonda uran qazib olish sanoatidan qolgan xavfli meros – radioaktiv chiqindi makonlari serob.

Biri Jalol-Obod yaqinida joylashgan bu xavf manbalari mintaqa ekologiyasiga tahdid solib keladi. Yog’ingarchilik mavsumida minglab tonna radioaktiv modda Sirdaryoga to’kiladi degan xavotir bor.

Bu obyektlarni qurishda aholi xavfsizligi mutlaqo nazarga olinmagan deb o’ylash mumkin. Hozirda nima qilish mumkin?

Yaponiyaning Fukushima elektrostansiyasidagi halokat ortidan atom energetikasiga daxldor mamlakatlar ushbu inshootlar xavfsizligini yana bir bor ko’z ostidan o’tkazayotir.

Qirg’izistonda o’tgan asrning 60-yillariga qadar uran qazib olingan bo’lib, ushbu sanoatdan ko’plab radioaktiv chiqindixonalar qolgan. Ularning bosimli qismi mamlakat janubidagi Moyli-Suv shahri chekkasida joylashgan.

Moyli-Suv atrofida odamlar mol boqadi. Bu xavfli, deydi ekspertlar.

Moyli-Suv atrofida odamlar mol boqadi. Bu xavfli, deydi ekspertlar.

Qirg’iz rasmiylari ushbu chiqindixonalar xavfsizligini oshirish darkorligi borasida ko’pdan beri so’z yuritib keladi.

Moyli-Suvda ja’mi 36 chiqindixona mavjud bo’lib, ularning ayrimlariga suv toshqinlari va yer ko’chkilari tahdid solib keladi.

Hozirda mazkur inshootlarning ahvoli qanday? Qirg’iziston bu masalada qanday choralar ko’rmoqda? Xalqaro hamjamiyat ko’rsatayotgan ko’mak qanday samara berayotir?

Yaqinda Qirg’iziston Favqulodda holatlar vazirligi tarkibida atom va radiatsion xavfsizlik bo’yicha alohida agentlik tashkil etildi.

Ushbu idora yetakchi mutaxassisi Altiboy Abdrayev shunday mulohaza yuritadi:

Aholini radioaktiv moddalar xavfidan ogoh qilish eng muhim vazifalardan biri, deydi Altiboy Abdrayev

Aholini radioaktiv moddalar xavfidan ogoh qilish eng muhim vazifalardan biri, deydi Altiboy Abdrayev

“Moyli-Suv shahri atrofidagi radioaktiv chiqindixonalardagi vaziyat hozircha o’rtacha desam bo’ladi. Bizning mutaxassislarimiz har oy u yerga borib, chiqindixonalar ahvolini kuzatib boradi. Radiatsion fon me'yoridan oshgani yo’q – soatiga 60 mikrorentgen. Chiqindixonalarda esa soatiga 100-150 mikrorentgenga yetib qolishi mumkin. Ularning hammasi usti yopilgan. Ammo kattiq zilzila bo’lsa, shiddatli yomg’ir yog’sa, yer ko’chkisi bo’lsa 180 chiqindixonamizda muammo paydo bo’lishi mumkin”.

Qirg’iziston hukumati chiqindixonalar xavfsizligini oshirish borasida qanday amaliy ishlar qilmoqda?

“Selga qarshi kanallarni doimo tozalab turamiz. Bu yil bizning idoraga Moyli-Suvda joylashgan qoldiqxonalar ahvolini o’nglashga hukumat tomonidan 6 million so’m (130 ming AQSh dollariga yaqin) ajratilgan. Bu pul evaziga biz 1, 4, 7 va 13-chiqindixonalarda ishlar olib boramiz. Ya’ni daryo qirg’oqlarini mustahkamlaymiz. Bundan tashqari aholi orasida tushuntirish ishlari olib boramiz. Chiqindixonalar oldida hayvon boqish xatarli ekanini aytamiz”, - deydi u.

So’nggi yillarda radioaktiv chiqindixonalar xavfsizligini ta’minlash borasida yordam so’rab Qirg’iziston qator xalqaro tashkilotlarga murojaat qilgan.

O’z paytida Global Jamg’arma, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va bir necha taraqqiy etgan davlatlar ko’magida loyihalar amalga oshirilgan. Bu loyihalar kuzatuv ishlari, tadqiqotlar va uncha katta bo’lmagan amaliyotlarga bog’liq bo’lgan. Jahon Banki homiyligidagi yirik loyiha shu kunlarda yakunlanish arafasida.

Atom va radiatsion xavfsizlik agentligi mutaxassisi Altiboy Abdrayev deydiki, 2004 yildan boshlab Jahon Banki 11 million dollarga yaqin mablag’ ajratgan.

“Hozirgacha loyiha davomida 8 million dollarlik ishlar qilindi. “Tektonik” deb atalgan yer ko’chkisining vaznini ozaytirdik. 2 va 13-chiqindixonalarning qirg’oqlarini mustahkamladik. Ularni gabion setkasi yordamida yopdik. Bu loyiha bo’yicha 3, 18-qoldiqxonalarni boshqa, xavfsizroq joyga ko’chirish ishlari davom etmoqda. Moyli-Suv daryosidagi suvni doimiy nazorat qilish uchun gidropost ochilgan. Ushbu loyihaning ikkinchi bosqichi haqida muzokaralar ketayapti”, - deydi Altiboq Abdrayev.

Qirg’iziston mutaxassislari chiqindixonalarning xavfsizligini oshirish uchun yana bir necha loyiha ishlab chiqqan. Ular bu borada qo’shni o’lkalar hamda xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik zarurligini urg'ulaydi.

Uzoq yillar davomida Qirg’izistondagi xatarli qoldiqxonalar turli idoralar tasarrufida bo’lib kelgan va yagona nazorat ostida bo'lmagan, jiddiy e’tibor berilmagan. Ushbu inshootlarning Favqulodda holatlar vazirligi qaramog’iga o’tkazilgani vaziyatni o’nglashga xizmat qiladi, deydi ekspertlar.

XS
SM
MD
LG