Vashington yadroviy xavfsizlikka doir xalqaro anjumanga mezbonlik qilyapti

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama 2012-yilgi sammitda so'zlamoqda, Seul, Janubiy Koreya

Prezident Obama 2012-yilgi sammitda so'zlamoqda, Seul, Janubiy Koreya

Vashingtonda yadroviy xavfsizlikka doir ikki kunlik xalqaro anjuman boshlandi. Unda 50 dan ziyod mamlakat rahbarlari qatnashmoqda. Yadro salohiyati va zaxiralari bo’yicha dunyoda eng qudratli ikki mamlakatdan biri, Rossiya, sammitda ishtirok etishdan bosh tortgan.

Anjuman mezboni, AQSh Prezidenti Barak Obamaning “Vashington Post” gazetasida chop etilgan maqolasida aytilishicha, yadro qurollarining tarqalishi va qo’llanish ehtimoli dunyo xavfsizligiga eng katta tahdiddir.

"Sammit ishtirokchilari yadro qurolining terrorchilar qo’liga tushishining oldini olish siyosatiga kelishib olishi kerak", deb yozadi Amerika rahbari.

Obama prezidentlikka kelganidan beri yadroviy xavfsizlikni tashqi siyosatidagi ustuvor yo’nalish deb belgilagan.

Dunyodagi barcha yadro qurollarining 90 foizidan ortig’i AQSh va Rossiya ulushiga to’g’ri keladi, ammo Moskvadan sammitda hech kim qatnashmayapti.

Oq uy matbuot kotibi Josh Ernestning aytishicha, Rossiyaning Eron bilan yadro bitimiga kelishishda xizmati katta bo’lgan.

“Rossiya Vashington sammitida qatnashsa yaxshi bo’lardi”, - deydi u.

Tanqidchilarga ko'ra, Moskva yadroviy xavfsizlik bobida hamkorlik qilmoqchi emas, biroq Kremlga ko'ra, sammit kun tartibi Rossiya bilan muvofiqlashtirilmagan, uning taklif va manfaatlari inobatga olinmagan.

Bu yadro xavfsizligiga doir to’rtinchi sammit bo’lib, oldingilari 2010-yilda Vashingtonda, 2012-yilda Seulda va 2014-yilda Gaagada o’tgan.

Bunday yig’inlar natijasida 13 mamlakat va Tayvan yuqori boyitilgan uran zaxiralarini yo’q qilishga rozi bo’ldi. Sammitlarda yadro materiallarini tashish va saqlash mexanizmlariga kelishildi, buning uchun maxsus infratuzilma yaratildi, chegara xavfsizligini kuchaytirishda mamlakatlar foydali maslahat va ko’mak oldi.

“Bugun dunyoda yadroviy terrorizm xavfi ancha pasaygan. Yadroviy materiallarni saqlash mexanizmi xalqaro darajada kuchaytirildi”, - deydi Garvard universitetidan Nikolas Rot.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG