Vashingtondagi yadroviy sammitda Qozog'iston rahbari qatnashadi


31-martda boshlanadigan anjumanda Rossiya ishtirok etmayapti. Sabab - G'arb bilan taranglik.

31-martda boshlanadigan anjumanda Rossiya ishtirok etmayapti. Sabab - G'arb bilan taranglik.

Vashingtonda bu hafta o’tadigan yadroviy sammitda Markaziy Osiyodan Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazaboyev ishtirok etishi kutilmoqda. Global yadroviy xavfsizlik masalasiga bag’ishlangan yig’in qanday ahamiyat kasb etadi? Rossiya unda ishtirok etmayapti.

Yadroviy quroldan xoli hudud sifatida e’lon qilingan, biroq yadroviy davlatlar qurshovida qolayotgan Markaziy Osiyo uchun bu anjuman juda muhum. Ayniqsa, geosiyosiy to’qnashuvlar kuchaygan va atom qurolga ega davlatlar faollashgan bir paytda.

Qozog’istonlik ekspert Dosum Satpayev nazarida, Osiyoda bugunga kelib yadroviy imkoniyatlar kengaygan.

“Gap shundaki, Qozog’iston ham, O’zbekiston ham yadroviy qurolsiz hudud deyishganda albatta, birinchi o’rinda Osiyoni nazarda tutishadi. Ya’ni, yadroviy imkoniyatlarini kuchaytirayotgan Pokiston, Hindiston va Xitoy. Shu ma’noda aytish mumkinki, yadroviy qurollarni tarqatmaslik haqidagi chaqiriqlar, shunday qurolga ega davlatlarga qaratilgan. Va bu chaqiriqlardan biror jiddiy natijalar bo’layapti deyish fikridan uzoqman. Osiyoda shundoq ham taranglik yetarli. Turli nuqtalarda, turli ziddiyatlar mavjud. Hindiston yoki Pokistondan yadroviy imkoniyatlarini pasaytirishni kutish juda qiyin. Shunday ekan, Osiyodagi har qanday keskin yadroviy konflikt Markaziy Osiyoga ham o’z tasirini ko’rsatadi”, - deydi Satpayev.

Markaziy Osiyoning ommaviy qirg’in qurollaridan xoli hududligi haqidagi bitim mintaqa va yadroviy qudratga ega davlatlar tomonidan imzolangan. Unga ko’ra, Markaziy Osiyo davlatlari ommaviy qirg’in qurollari yaratishdan voz kechgan, yadroviy qudratga ega davlatlar esa mintaqaga nisbatan ommaviy qirg’in qurollar ishlatilmasligini kafolatlagan.

Qozog’iston uzoq yillar sovet davridagi yadroviy qurollar sinovi o’tkazilgan asosiy maydonlardan biri bo’lib keldi. Bu sinovlar mamlakat ekologiyasi va hayotida og’ir oqibatlar bilan aks etdi.

“Sovet davrida Qozog’iston mintaqada yadroviy potensialga ega asosiy davlat edi. Yadroviy poligonga ega bo’lgan Qozog’istonda bu tajribalardan ayanchli xotiralar qoldi. Bu achchiq xotiralardan kelib chiqib, Qozog’istonning yadroviy qurollarni tarqatmaslik bo’yicha global tashabbus bilan chiqayotgani mantiqqa mos. Bundan tashqari mintaqa davlatlarining o’zida ham yadroviy qurol yaratish, bunga erishish uchun xohish ham, imkoniyat ham yo’q”, - deydi Dosim Satpayev.

Yadroviy sinovlarning ayachnli oqibatlarga qarshi kurash Prezident Nursulton Nazarboyevni yadroviy xavfsizlikka qarshi eng faol liderlardan biriga aylantirdi.

Shimoliy Koreya yadroviy qurollar sinoviga zo’r berishi, xalaro terrorizmning kuchayishi, yadroviy xom ashyoning terrorchilar qo’liga tushishidan xavotir oshgani, Rossiyada yana ommaviy qirg’in qurollari namoyishiga urg’u bera boshlangani, G’arb bilan taranglikka kirishib, yadroviy sammitda qatnashmasligi jiddiy muammolardan darak.

“Bir narsa har doim Nazarboyevning yadroviy xavfsizlik borasidagi chiqishlarida aks etib kelgan: yadroviy qurol geosiyosiy to’qnashuvlarda asosiy tahdid vositasida sifatida qolar ekan, dunyo qurollanish poygasini davom ettiraveradi”, - deydi Satpayev.

Yadroviy xavfsizlik bo’yicha sammit Vashingtonda 31-mart kuni boshlanadi. Unda dunyoning 50 dan ortiq davlati rahbarlari qatnashadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG