AQSh yadro qurollari yangilanishga muhtoj

  • Amerika Ovozi

Yadro raketalari bilan qurollangan Ogayo toifasidagi suvosti kemasi

Yadro raketalari bilan qurollangan Ogayo toifasidagi suvosti kemasi

Nyu-Meksikodagi Kirtlend havo bazasida AQSh harbiylari mamlakat yadro qurollarini modernizatsiyalash ustida ishlamoqda. Buning uchun bazada maxsus laboratoriyalar tashkil etilgan.

Harbiy bazaga tashrif buyurgan AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter yadro qurollari Amerika xavfsizligining tayanchi ekanini aytdi.

AQSh yadro hujumini uch yo’l bilan qaytarishi mumkin: quruqlik orqali uchiriladigan qit’alararo ballistik raketalar bilan, havo orqali qiruvchi samolyotlarga joylangan yadro qurollari bilan hamda dengiz orqali suvosti kemalaridagi yadro qurollari bilan. Bu usullar “yadro uchligi” deb ataladi.

Qurollar yangilanishga muhtoj

Yadro qurollari va dasturlari bugunga kelib ancha eskirgan.

So’nggi B-52H qiruvchi samolyoti 1952-yil ishlab chiqarilgan. Hozir Sandia laboratoriyasida ishlab chiqarilayotgan B61-12 yadro bombalari ham bir necha o’n yillik texnologiyani yangilashni ko’zda tutadi va 2020-yilgacha tayyor bo’lmaydi.

Komuter tizimlari ham eskirgan

Xalqaro rejalash xizmatlari prezidenti hamda Xavfsizlik yordami bo’yicha AQSh davlat kotibininig sobiq o’rinbosari Uilyam Shneyderning aytishicha, Qit’alararo ballistik raketalarni boshqaruvchi “Minuteman III” tizimi o’tgan asrning 70-yillarida ishlab chiqarilgan va butunlay yangilanishga muhtoj.

“Hanuz eski disketalardan foydalanishadi. Bu komputerlar bugun tarixiy yodgorlikka aylangan”, - deydi rasmiy.

Komputerni yangilash bo’yicha ishlar boshlangan, ammo u 2020-yillar oxirigacha vaqt oladi.

“Yadro uchligi”ning eng uzoq yashagan oyog’i – Ogayo toifasidagi yerosti kemasidir. Uning yaroqlilik muddati 30 yildan 42 yilga uzaytirildi. Kelasi o’n yillikda u o’z faoliyatini yakunlaydi.

Iroq va Afg’oniston urushlari diqqatni chalg’itdi

Uzoq yillar AQSh harbiylarining boshqa missiyalar bilan band bo’lishi hamda zarur miqdorda mablag’ ajratilmagani Amerika yadro qurollarining eskirishiga sabab bo’ldi. Agar kerakli choralar o’z vaqtida ko’rilmasa, AQShning eng xavfli qurolini qanday taqdir kutmoqda?

“Xavfsiz va samarali kuchni saqlay olmasak, mavjud uzatish tizimlarini o’zgartirishimiz hamda hozirgi yadro qurollarimiz yaroqliligi muddatini uzaytirishimiz kerak bo’ladi”, - deydi AQSh Energiya vazirining yadro xavfsizligi bo’yicha o’rinbosari Frenk Klotz.

Mudofaa vaziri Karter AQSh yadro qurollarining har uch toifasini yangilash zarurligini ta’kidladi. U bu muhim vazifaning kechikayotganida Iroq va Afg’onistondagi uzoq yillik urushlarni aybladi.

AQSh Rossiya va Xitoydan ortda qolmoqda

Shneyderning aytishicha, AQShning yadro qurollarini modernizatsiyalash dasturi Xitoy va Rossiyanikidan 20 yilga orqada qolmoqda.

“Shuning o’zi beqarorlik manbai va biz to’g’rilashimiz kerak bo’lgan narsadir”, - deydi u.

AQSh harbiylari yadro qurollarini yangilash maqsadida kelasi besh yil uchun 108 milliard dollar so’ragan. Ammo byudjet taqchilligi davrida Kongressning so’ralgan mablag’ni ajratishi aniq emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG