AQSh: Rossiya Ukrainaga og'ir qurol kiritgan

  • Amerika Ovozi

AQSh davlat kotibining yordamchisi Viktoriya Nuland

AQSh davlat kotibining yordamchisi Viktoriya Nuland

AQSh davlat kotibining yordamchisi Viktoriya Nulandning aytishicha, Ukraina sharqi va Qrim aholisining katta qismini vahima bosgan. Nuland Senat Tashqi aloqalari qo'mitasida so'zlar ekan, so'nggi kunlarda Rossiyadan bu hududlarga tanklar, zirhli transport, artilleriya kiritilganini da'vo qildi.

"Rossiya va ularning separatist qo'g'irchoqlari zulm va zo'ravonlikka qo'l urdi. Bu Kreml tomonidan o'ylab chiqilgan va nazorat etilayotgan mojaro. Rossiya soliq to'lovchilari uni moliyalamoqda", - dedi Nuland.

Unga ko'ra, Obama ma'muriyati Ukraina hukumatiga qurol uzatishga qaror qilmagan hali. Bu borada muzokaralar hali ham davom etmoqda.

"15-fevralda imzolangan sulh shartlarining qanday bajarilayotganini kuzatmoqdamiz", - deydi rasmiy.

Qrimning Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Sergey Aksyonov Nulandning gaplarini tanqidga olib, uni Qrimga taklif qildi.

"Nuland xonim Qrimga kelib, odamlar bilan gaplashsin, ularga savollar bersin, ko'chalarni aylansin", - dedi Aksyonov.

Dushanba kuni Prezident Obama Oq uyda Germaniya kansleri Angela Merkel bilan shu haqda gaplashgan. Tomonlar Kiyevga hozircha qurol uzatmaslikka kelishgan.

NATOga a'zo bo'lmagan davlatga qurol berish Rossiya bilan harbiy mojaroga yetaklashi mumkin, deydi Germaniyaning AQShdagi elchisi Piter Vitteg.

Bugun Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest Ukraina mojarosiga harbiy yechim yo'q, deb yana bir bor ta'kidladi.

"Ukrainaga qurol yetkazsak, yanada ko'proq qon to'kiladi", - dedi u.

Qurol uzatish chorasi tanqidchilariga ko'ra, Ukraina qancha ko'p qurol olsa ham Rossiya harbiy qudratiga bas kelolmaydi.

Matbuotdagi xabarlardan ma'lum bo'lishicha, AQSh Vitse-prezidenti Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko bilan telefonda gaplashib, Kiyevga pilotsiz samolyotlar, 30 zirhli harbiy avtomobil, 200 ta jip rusumidagi mashina va'da qilgan.

G'arb Moskvani isyonchilarni qurol va askar bilan ta'minlab kelayotganlikda ayblab keladi. Kreml bu da'volarni inkor etarkan, dalil keltirishni talab qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG