Nyu-Yorkda masjid mashmashasi davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Endilikda Manxettenda qurilishi rejalangan bu inshoot masjid emas, islomiy markaz deya qayd etila boshlagan.

2001 yilning 11 sentabrida terror xurujlari sodir etilgan joy yaqinida musulmonlarning bunday maskan ochishga haqqi yo’q deb chiqayotganlar ko’p, nafaqat Nyu-Yorkda, balki butun Amerika bo’ylab. Tarafdorlar ham kam emas.

Har ikki tomon erkinlik va huquqni bayroq qilib ko’tarib olgan.

Nyu-Yorkning bu qismi shu kunlarda juda gavjum. Namoyishlar tinmaydi. Hammaning o’z dardi bor. Hayqiriq ketidan hayqiriq.

Omma oldida so’zga chiqqan yetakchilardan biri islomiy markaz loyihasini qoralagan sari haloyiq shuncha baland ovoz bilan uni olqishlaydi. Plakatlar – namoyish ko’zgusi.

“Shariat hayotingizga kirib kelmasin desangiz, uni to’xtating” deb yozilgan.

"Shariatni yoqlasangiz, AQShga qarshi jinoyat qilayapsiz”, deydi notiq Robert Lorens.

U prezident Barak Obama, Nyu-York meri Maykl Blumberg va boshqa rahbarlarni Amerika konstitutsiyasini buzayotganlikda, musulmonlarning “qora rejasini” yoqlab, bu xalq yuziga tupurayotganlikda ayblamoqda.

Uningcha, bir paytlar Jahon Savdo Markazi turgan hudud – terrorga qarshi yodgorlikdir. Masjid yoki islomiy markazga joy yo’q bu yerda, deydi u..

Yana bir namoyishchi Bet Galinski esa shariat nima ekanini bilmoqchi bo’lsangiz, islomiy davlatlardagi ahvolga qarang deydi. Odamlar toshbo’ron qilinadi, xotin-qizlar o’qitilmaydi va g’ayridinlar zulm ostida, deydi u.

“Shariatga ishongan odamlar o’zini bizning tuzum bilan tenglashtirmoqda. Bu yerda huquqimiz bor deb, o’zining shafqatsiz mafkurasini yoymoqda. Turing, ayting bu imomga: islom hukmlari na ayollar va na boshqa zotni inson sifatida ko’radi'",- deydi bu ayol.

Imom deb u Faysal Abdul Raufga ishora qilmoqda. Islomiy markaz qurish uning tashabbusi. 45 yildan beri AQShda yashaydi. Davlat departamenti taklifi bilan Yaqin Sharqqa safar qilib, Amerika musulmonlari nomidan so’zlamoqda. Bu yurtning ko’zga ko’ringan musulmon yetakchilaridan biri. Islom dunyosiga elchi bo’lgan.

Imomning rafiqasi Deysi Xon telekanallarda chiqib, markazdan maqsad nima ekanini tushuntirmoqda.

Bu dargoh, deydi u, nasroniy va yahudiy markazlari singari hamma amerikaliklar uchun ochiq bo’ladi. Ibodatxona va madaniy-ijtimoiy maskan.

“500 kishiga mo’ljallangan auditoriya, basseyn, sport zali, oshxona va oshpazlik darslari o’tiladigan joy… Markaz o’quv kurslari ham taklif etadi. Anjuman va forumlar saroyi bo’ladi. Bu yer erkin ilm va mushohada markazi bo’ladi. Hammaga birdek”,- deydi Deysi Xon.

Markaz qad ko’tarishi kutilayotgan joy oldida loyiha tarafdorlari ham namoyishga chiqqan. Bir yoqdan imom va uning rejasi qoralanmoqda, narigi yoqdan esa ulug’lanmoqda. Tarafdorlar islom Amerikaning bir qismiga aylanib bo’lgan, uni rad eta olmaysiz desa, ikkinchi taraf u Amerika qadriyatlari bilan hamohang emas deya hayqiradi. Bahslar teleekran va radioto’lqinlarda, gazeta va jurnallarda davom etmoqda.

Bu erkin mamlakat, jamiki din va uning vakillariga joy bor, deydi Nyu-York meri Maykl Blumberg. Shahar hokimiyati loyihani ma’qullagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG