Nyu-Yorkda 11-sentabr fojiasiga bag'ishlangan muzey ochildi

  • Amerika Ovozi

11-sentabr kungi terror xurujlaridan 13 yil o’tib Nyu-Yorkda xotira muzeyi ochilmoqda. 3000 dan ziyod qurbon hamda odamlarni qutqaraman deb jonini bergan qahramonlarga bag’ishlangan bir manzil. Jahon savdo markazi o’rnida joylashgan muzeyning ochilish marosimida AQSh prezidenti Barak Obama qatnashdi.
Marosimda siyosatdonlar va yuqori martabali rasmiylar, shu jumladan, sobiq prezident Bill Klinton, marhumlar oila a’zolari qatnashdi.

Prezident Obama 11-sentabr fojiasiga bag’ishlangan muzey Amerika xalqi irodasi, qudratini aks ettiradi, deydi.

“Ulkan devor va tosh bizni qal’adek o’rab, asrab turganidek, bizni hech narsa yengolmaydi. Amerikaliklarni hech narsa o’zgartirolmaydi,” - dedi u muzey ochilish marosimida.

Prezident boshqalar hayotini saqlab qolaman deb qurbon bo’lganlarni alohida tilga oldi.

"Jasorat qilib fojiaga javob berganlar… Mishel, o’zim va butun Amerika xalqi nomidan ta’zim ularga… Bu insonlarni xotirlash, ular haqida so’zlash biz uchun sharaf. 11-sentabr kuni aslida tom ma’noda mehribonlik, rahm-shafqat va fidoyilik namoyish qilingan bir kun”.

Obama Uells Krauterni esladi. 24 yoshli yigit Janubiy minoradan bir guruh odamlarni olib chiqib, boshqalarni ham qutqarish uchun yana binoga sho’ng’igan-u imorat qulaganida, halok bo’lgan. Omon qolganlar uni qizil ro’mol o’ragan yigit deb eslashadi.

Onasi Allison Krauter o’g’li hayotini saqlab qolgan odam bilan marosimda qatnashdi.

“Uells barchamiz katta oiladek ekanimizga ishonardi, bir-birimizga mehrli bo’lib, yonimizdagilarni asrab-avaylashimiz kerak, derdi. Bu hayotning mazmuni,” - dedi ona.

Nyu-York shahrining sobiq meri Maykl Blumberg muzey AQSh o’tmishini aks ettiruvchi Gettisberg, Perl Xarbor va Vyetnam urushi faxriylari sharafiga qad ko’targan obidalar safidan o’rin olajagini aytdi.

“Vafot etganlarni yodga olish, jasurlarni sharaflash, tiriklarning ruhini shod qilish uchun joy bu. O’sha mudhish kunda, so’ngra boshimizdan o’tgan hafta va oylarda bir-birimizga suyanchiq bo’lganimizni xotirlaymiz bu yerda”.

Muzey yerning tagida, yetti qavatda o’rnashadi. Ikki minoraning poydevori unga asos bo’ldi. 11-sentabr kungi hujumlar tasvirlari, qurbonlar fotosurati va qahramonlardan qolgan boshqa yodgorliklar bu yerdan o’rin olgan. Ko’pgina amerikaliklarga muzey ma’qul. Devid Uer hujumlar paytida besh yoshda edi.

“Bu biz uchun juda ahamiyatli, chunki men va tengdoshlarim yoshi kattaroqlarga o’xshab o’sha kunni boshdan kechirmagan, ezilmagan. Xalqimizga qarshi qilingan xurujni shunchaki yoddan chiqarish mumkin emas, biz u haqida o’ylashimiz va yodda tutishimiz kerak,” - deydi yigit.

Ayrim o’lganlar topilmay turib, bu yerda yangi bino qurilganidan marhumlarning qarindoshlari norozi. Jim Makkafrining ukasi Janubiy minoraning 78-qavatida bo’lganida, bino qulagan. Jasadi topilib dafn etilmagunicha, bu yerga oyoq bosmayman, deydi Makkafri.

“Qaysi o’lkada siyosatchilar o’lik qayerda ko’milishini uning yaqinlari, qarindoshlariga qaraganda yaxshiroq biladi? Ayniqsa 11-sentabr kuni halok bo’lganlar jasadini? Aytingchi menga? Oila a’zolari ularni yaxshi ko’rgan, ko’z qorachig’idek asragan bo’lsa-yu, boshqalar hal qilsa? Qaysi jamiyatda shunday qilinadi?”

Muzey 21-may kuni ochildi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG