Nyu-York musulmonlari "Islomiy davlat"ga qarshi kurash boshladi

  • Amerika Ovozi

Asli bangladeshlik Xudeza Begum Nyu-Yorkda 11-sentabr xurujida halok bo'lganlar uchun qurilgan yodgorlikni ko'zdan kechirmoqda.

Asli bangladeshlik Xudeza Begum Nyu-Yorkda 11-sentabr xurujida halok bo'lganlar uchun qurilgan yodgorlikni ko'zdan kechirmoqda.

Nyu-York shahrida musulmonlar jamiyati yetakchilari yig'ilib, "Islomiy davlat" va "Boko haram" kabi o'zini islom namoyandalari sifatida ko'rsatishga urinayotgan jangari guruhlarni keskin qoraladi. Bunday guruhlar olg'a surayotgan ta'limot islomdan emas, deydi ular.

Musulmonlarning Nyu-Yorkdagi yig'ini ibodat bilan boshlandi. Ularning aytmoqchi bo'lgan gapi bitta: Jamoaning oz sonli vakillari sodir etgan jinoyatlar uchun butun bir dinni, irq yoki millatni ayblash to'g'ri emas. Nyu-Yorkdagi islom yetakchilari kengashi prezidenti imom al-Haj Tolib Abdul Rashid ham shunday fikrda.

"Ayrim shaxslar yoki guruhlar Islom nomidan gapirib, aksincha, bu din ta'limotlariga zid ish qilsa, ko'pincha, barcha musulmonlar ularning aybiga sherik qilib ko'rsatiladi. Keyin matbuot yoki boshqalar sodir etilayotgan barcha jinoyatlar uchun mas'uliyatni "islomiy terrorchilar" zimmasiga yuklaydi. Vaholanki, bizning e'tiqodimiz ekstremizm yoki terrorchilikni targ'ib etmaydi", - deydi u.

Asli kot-d'Ivuarlik imom Sulaymon Konate hozir Nyu-Yorkning Harlem va Bronks tumanlarida afrikalik musulmonlar jamiyatiga yetakchilik qiladi. U "Islomiy davlat"ni dinni buzib ko'rsatayotganlikda ayblaydi.

"Yaxshi odamlar bor va yomon odamlar bor. Ular o'z jinoyatlarini islom va musulmonlar nomi ostiga yashiryapti. Odamlar ularni deb, ular qilayotgan ishlarni deb, menga shubha bilan qarashadi", - deydi imom Konate.

Taqvo masjidi imomi Abdul Qodir Muhammadga ko'ra, "Islomiy davlat" ta'limotini an'anaviy islom bilan adashtirish oddiy musulmonlar orasida ham uchrab turadi.

"Bu ham muammolardan biri. "Islomiy davlat"ga o'xshagan guruhlar chiqqanda, yosh odamlar ularga ergashib ketishi mumkin. Ularning qo'shilishini kim o'ylabdi, deysiz. Bu katta muammo", - deydi u.

Imom Abdul Rashidning aytishicha, yoshlarga haqiqiy va tinchlikni targ'ib etuvchi islomni tushuntirish uchun "Twitter" va "Facebook" kabi ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanish ko'zda tutilmoqda.

"Odamlarga haqiqiy islom nima ekanini tushuntirish uchun zamon talabi bilan ijtimoiy tarmoqlardan ta'lim vositasi sifatida foydalanmoqchimiz. Masjidimizda ilgari bunday qilinmayotgan edi. Musulmonlarning chalg'iyotganidan xavotirdamiz. Bu yoqda Ebola inqirozi ham davom etyapti. Shundan o'rnak olib, yoshlarimiz orasida muammo paydo bo'lguncha kutib o'tirmasligimiz kerak, deyapmiz. Hozircha, masjiddagi yoshlarimiz orasida bunday muammo yo'q va uning paydo bo'lishini xohlamaymiz", - deydi imom Abdul Rashid.

Diniy yetakchilar masjidlarda islomda bag'rikenglik va tinchlik mavzusida suhbatlar o'tkazishga kelishib oldi. Ular, shuningdek, musulmon bo'lmaganlar uchun ochiq eshiklar kuni o'tkazishni rejalamoqda. Dunyoning etnik jihatdan eng rang-barang shahrida qo'shnilar bilan ishonchli munosabat o'rnatishning munosib yo'li shu, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG