Nyu-York maktablarida homiladorlikning oldini olish uchun yangi choralar

  • Amerika Ovozi

Nyu-York shahrida har yili 17 yoshgacha bo’lgan qizlarning 7000 nafari homilador bo’ladi. Uchdan ikki qismi abort qildiradi. Hozirga kelib maktablarda o’quvchi qizlarga kontratseptiv preparatlar berila boshladi. Ayrim ota-onalar bunga qarshi.


Har yili Nyu-Yorkda 2500 o’quvchi qiz farzandli bo’ladi. Aksariyati maktabni tashlaydi. Muammoning oldini olish uchun homiladorlik yuqori bo’lgan 13 maktabda gormonal kontratseptiv preparatlar tarqatilmoqda.

Ilgari prezervativlar berilar edi. Endi esa qizlar Depo-Provera nomli kontratseptiv dorini yoki himoyalanmagan jinsiy aloqadan keyin homila oldini oladigan Plan-B preparatini olishi mumkin. Nyu-York meri Maykl Blumberg:

“So’nggi 10 yil ichida o’smirlar orasida homiladorlik sur’atini 25 foizga kamaytirishga muvaffaq bo’ldik. Bu ijobiy o’zgarish, albatta. Lekin yosh qizlar orasida homiladorlik hollari hamon ko’p”.

Mishel Xendelmen – hamshira, ikki o’smirning onasi. Nyu-Yorkda bolalar ota-ona bilmagan holda kontratseptiv preparatlaridan foydalanishi va hatto abort qildirishi mumkin, deydi u.

“Ularga bepul va maxfiy tibbiy xizmat ko’rsatiladi. VICh va SPIDga qon topshirish va homiladorlikdan himoyalanish imkoni beriladi”.

Ota-ona qarshi chiqishi mumkin, biroq aksariyat oilalar bundan bexabar, deydi ota-onalar uyushmasi rahbari Mona Devids.

“Mer Blumberg va Ta’lim boshqarmasining bizning huquqimizni buzib, roziligimizni olmay turib, farzandlarimizga kimyoviy-gormonal modda berishga haqqi yo’q”.

Hatto aspirin kabi oddiy dori berilganida ham ota-ona roziligi talab qilinadi. Gormonlarning organizmga salbiy ta’siri esa kuchliroq, deydi Devids.

Ammo boshqalar nazarida bu preparatlarning zarari yo’q.

“Ular tarkibida qonni quyuqlashtiruvchi estrogen moddasi yo’q. Demak, bu preparatlarning salbiy ta’siri ham yo’q. Vaholanki homiladorlikning yosh qiz organizmiga ta’siri, zarari qandayligi yaxshi ma’lum”.

Xo’sh, o’quvchi qizlarning o’zi bu haqida qanday fikrda?

“Masalan, men ota-onam buni bilishini xohlamasdim,” - deydi qizlardan biri.

“Ota-onamizga aytishimiz kerak, chunki hali juda yoshmiz,” - deydi yana biri.

"Ota-onalar bu dorini ichishni taqiqlamasligi kerak. Chunki qiz 16 yoshida ona bo’lsa, hayoti tugadi deyavering,” - fikr bildiradi yana bir o'quvchi qiz.

Mona Devids esa homiladorlikning oldini olishning boshqa yo’llarini tanlash kerak, deydi:

“Agar mer Blumberg haqiqatan ham bolalar salomatligini o’ylasa va o’smirlar homiladorligiga chek qo’ymoqchi bo’lsa, maktablarga kattaroq byudjet ajratishi kerak. Maktablarda darslardan keyin turli to’garaklar ishlasin, bolalar band bo’lsin”.

Ota-onalar uyushmasi shahar ma’muriyatini sudga bermoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG