Prezident Obama Iroqda jangovar missiya yakunlanganini rasman e'lon qildi


Prezident Obamaga ko'ra, Iroqda jangovar missiyaning yakunlanishi diqqat va resurslarni Afg'onistonga qaratishga imkon beradi. Biroq, deydi u, Afg'onistonda uzoq qolish rejasi yo'q.

Prezident Obama seshanba oqshom Oq uydan Amerika xalqiga qilgan murojaatida AQShning Iroqdagi jangovar missiyasi yakunlanganini rasman e'lon qildi.

Uning aytishicha, Iroq urushi Qo'shma Shtatlarga qimmatga tushdi - 4400 dan ziyod askar jonini berdi. 7 yillik urushda jami 1 million amerikalik zobit ishtirok etdi.

Urushga boshidan qarshi bo'lgan Obama saylov kampaniyasida saylansa, askarlarni Iroqdan olib chiqishga va'da bergan edi. 150 ming sonli qo'shindan 50 mingga yaqini qolgan. Ular Iroq xavfsizlik kuchlari tayyorgarligi bilan shug'ullanadi.

"Jangovar missiyamiz tugagani bilan zo'ravonlikka chek qo'yildi deb bo'lmaydi, albatta", - deydi prezident. "Ekstremistlar xurujlar uyushtirishib, mazhablararo nizo keltirib chiqarish harakatidan qaytmaydi. Ammo oxir-oqibatda ular mag'lubiyatga uchraydi".


Uning aytishicha, urushni tugatish nafaqat Iroq, balki AQSh manfaatiga ham javob beradi. Davlat rahbari urushni boshlashga kim buyruq berganidan qat'iy nazar jonini fido qilgan harbiylar xotirasini unutmaslik kerak, dedi.

Iroq urushiga bir trillion dollar sarflandi. Bu esa iqtisodiyotni qiyin ahvolga solib, tashqi qarzni ko'paytirdi, oddiy amerikaliklar hayotini qiyinlashtirdi. Endigi vazifa, deydi prezident, iqtisodiyotni tiklab, millionlab amerikaliklarni ish bilan qayta ta'minlash.

Prezident Obamaga ko'ra, Iroqda jangovar missiyaning yakunlanishi diqqat va resurslarni Afg'onistonga qaratishga imkon beradi.

Iroqdagi urushdan olingan saboq shuki, deydi u, Amerika jahon bo'ylab ta'sirini yolg'iz harbiy kuch hisobiga o'tkaza olmaydi.

"AQSh manfaatlari va ittifoqchilarini himoya qilishda diplomatiya, Amerikaning iqtisodiy imkoniyatlari va namunasini ishga solish kerak".

Payshanba kuni prezident Obama Oq uyda Isroil va Falastin rahbarlarining ko'p oylik turg'unlikdan so'ng jonlanayotgan tinchlik muzokaralariga vositachilik qiladi. Kuzatuvchilar buni Obamaning diplomatik yutug'i deya, e'tirof etmoqda.

"Erkin dunyo lideri sifatida Amerika buzg'unchilik va adovat urug'ini sochayotgan g'animlarni nafaqat jang maydonida yengishi lozim. Jahondagi barcha insonlar uchun erkinlik va imkoniyatlarni kengaytirish bobida hamkorlik qilayotgan davlatlarga yordam berishi kerak", - deydi AQSh prezidenti.

Qo'shma Shtatlar iqtisodiyotini kuchaytirmas ekan, buni uddalashi qiyin. Shu sabab, deydi Obama, o'rta sinf amerikaliklarni qo'llab-quvvatlash lozim. Harbiylarimiz jang maydonlarida qanchalik matonat ko'rsatgan bo'lsa, ichki islohotlarni amalga oshirishda hukumat ham shu qadar jonbozlik qilishi kerak, deydi u.

Davlat rahbari urushlarda xizmat qilgan harbiylarni ham unutmaslikni aytib, bilim olishi uchun maxsus jamg'arma tuzilganini ma'lum qildi.

"Oliy ma'lumotli mutaxassislarning ko'payishi iqtisodiyot ravnaqiga hissa qo'shadi", - deydi u.

XS
SM
MD
LG