Breaking News

Katta Yigirmalik Seulda umumiy kelishuvga erishdi, ammo aniq siyosat belgilanmadi


Prezident Obama Seulda
Prezident Obama Seulda

Sammit ishtirokchilari valyuta kursiga bosqichma-bosqich tuzatish kiritishga erishgan, ammo konkret raqamlarga kelishilmagan.

Prezident Barak Obama Janubiy Koreya poytaxti Seulda Katta Yigirmalik sammitida ishtirok etib, a'zo davlatlar bilan davomiy iqtisodiy o'sishni ta'minlashga qaratilgan harakat dasturiga kelishib olgan. Obamaga safari davomida hamrohlik qilayotgan Amerika Ovozi muxbiri Den Robinson xabariga ko'ra, dastur global iqtisodiyotni kuchaytirishga hissa qo'shadi.

Sammit ishtirokchilari valyutalari kursiga bosqichma-bosqich tuzatish kiritishga kelishib olgani, prezident Obama nazarida, ijobiy hol. Mavzu murakkab bo'lib, Xitoy bunga ko'nmasligi mumkin edi. Davlatlar Xitoyni pul birligi - yuan kursini sun'iy ravishda past ushlab turganlikda ayblab, sammitdan umidi katta edi. Valyuta kursini hukumat emas, bozor belgilashi kerak, deydi ular. Biroq anjumanda muammo muhokama etilar ekan, Xitoy tilga olinmagan.

Prezident Obamaning aytishicha, savdodan barcha tomonlar foyda olishi lozim.

"Buning uchun esa pul qiymati savdodagi faollikka qarab belgilanishi kerak".

Xitoy prezidenti Xu Tsintao yanvar oyida Vashingtonda bo'ladi. Obama Seulda qabul qilingan harakat dasturi ijrosini o'shanda ko'rib chiqamiz, deydi.

Katta Yigirmalik a'zolari valyuta siyosatini belgilashda davlatlar harakatlarini muvofiqlashtirgani afzal, degan xulosaga kelgan. Anjumanda Xalqaro valyuta jamg'armasi islohotini o'z ichiga olgan dastur ham qabul qilingan.

"Ba'zida mushtarak masalalar chetda qolib, kelishmovchiliklarga urg'u berishni yaxshi ko'ramiz, aks holda sammitlar qiziq bo'lmasdi. Anjuman ijobiy natija berdi", - deydi prezident Obama.

Sammitda boshqa mamlakatlar xavotiriga sabab bo'lgan AQShning qo'shimcha 600 milliard dollarni muomalaga kiritish qarori ko'tarilmagan.

Seulga tashrif davomida Janubiy Koreya bilan 2007-yilda sobiq prezident Jorj Bush yetakchiligida kelishilgan erkin savdo bo'yicha bitim imzolanmagan. Obama hujjatni yaxshi o'rganib chiqishimiz kerak, toki undan har ikki davlatga naf bo'lsin, deydi.

Katta Yigirmalikka a'zo to'qqiz davlat Seuldan qo'shni Yaponiyaga, Yokoxama shahriga o'tdi. Kelasi ikki kun davomida u yerda yana bir tadbir, Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi, ya'ni APEK anjumanida ishtirok etadi. Barak Obama ham Yaponiyada.

Seul anjumanida davlatlarning valyuta siyosatiga urg'u berilgan bo'lsa, Yokoxamada umumiy erkin savdo tizimini ishga tushirish haqida gaplashiladi.

Janubiy Koreya bilan bu borada bitim imzolanmaganiga qaramay, deydi Obama, uchrashuvlar va muhokamalar samarali o'tmoqda, global iqtisodiyotni himoya qilishga hissa qo'shishi aniq.

"Anjumanlarda doim ham olamshumul o'zgarishlarga kelishilmaydi. Qadamba-qadam, bosqichma-bosqich jahon ekonomikasini barqarorlashtirish va iqtisodiy o'sishni ta'minlashga yordam beruvchi xalqaro mexanizm va institutlar barpo etamiz".

APEK sammitida Katta Yigirmalikka a'zo to'qqiz davlat uchun import tariflarini kamaytiruvchi regional erkin savdo bitimini qabul qilish muhokama etiladi. Bitim hamkorlikka a'zo 21 davlat o'rtasida savdoni kuchaytirishga xizmat qilishi aytilmoqda.

Prezident Obamaning umid qilishicha, Qo'shma Shtatlar kelasi besh yilda eksportini ikki baravar oshirishga muvaffaq bo'ladi.

Yaponiya yangi bitim bo'yicha muloqotga tayyor, biroq mahalliy fermerlar o'zga mamlakatlar importi tariflariga yengillik kiritilsa, Yaponiya bozorini arzon va sifatsiz mahsulot bosishidan xavotirda. Bosh vazir Naoto Kan bitimning o'z mavqeiga oqibatlarini o'ylab, uni imzolashdan bosh tortib kelgan.

APEKning navbatdagi sammiti kelasi yil Qo'shma Shtatlarda o'tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG