AQSh Afg'onistonda Tolibonga qarshi hujumlarni kuchaytiradi

  • Amerika Ovozi

Afg'onistonda Tolibon kuchga to'lib, zo'ravonlik sur'ati oshar ekan, bu o'lkadagi AQSh harbiylariga kurashni agressivroq tarzda olib borish vakolati berilmoqda.

Jang maydonida Tolibon ustidan strategik ustunlikni qo'lga kiritish uchun havo hujumlarini qo'llash, afg'on zobitlari bilan ko'proq qo'shma harbiy amaliyotlar o'tkazish haqida gap ketayapti.

Afg'onistonda hozir AQShning 9800 askari bor. Ularning asosiy vazifasi murabbiylik, mahalliy askarlarni treningdan o'tkazish. Bir yildan buyon Tolibonga qarshi harbiy operatsiyalarni afg'on kuchlarining o'zi rejalaydi va amalga oshiradi.

Prezident Barak Obama 2015-yilning yanvarida AQSh harbiylari rolini cheklashga ko'rsatma bergan. Undan maqsad Afg'oniston hukumati va Tolibon o'rtasida tinchlik muzokaralarini jonlantirish edi.

Prezident yangi qarori bilan bu cheklovlarni qisman bekor qilmoqda. Hal qiluvchi janglarda hamda strategik ahamiyat kasb etuvchi operatsiyalarda bundan buyon AQSh havo kuchlari ham qatnashishi mumkin.

Bu AQSh harbiylarining Afg'onistondagi roli o'zgarib borayotganidan darak. Obama shu yil oxirida minglab askarni vatanga qaytarish rejasidan qaytgani yo'q.

So'nggi oylarda Tolibon ancha oyoqqa turib oldi. BMT hisobiga ko'ra, 2015-yilda Afg'onistonda 3545 odam halok bo'lgan, qariyb 7500 kishi yaralangan - aksariyati Tolibon hujumlarida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG