Obama Afrika bilan aloqalarni kuchaytirish niyatida

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidenti Barak Obama Vashingtonda Afrika davlatlari yetakchlari ishtirokidagi xalqaro anjumanga mezbonlik qilmoqda. AQSh qit’aga e’tiborni oshirib, savdo, oziq-ovqat xavfsizligi hamda infratuzilmani rivojlantirish sohalariga ko’proq sarmoya kiritmoqchi.

Dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 10 mamlakatning oltitasi Afrikada joylashgan. Shu bois Obamaning qit’a haqida tasavvurlarni o’zgartirish fursati kelgani haqida gapirayotgani bejiz emas.

“O’tgan bir necha yil davomida Afrikaga nafaqat qashshoqlik va ocharchilikka qarshi kurash doirasida an’anaviy yordam yetkazish, balki birgalikda biznes yuritish, hamkorlik va savdo qilish bo’yicha ham katta ijobiy siljishlarga erishdik”, - deydi AQSh rahbari.

Ammo Vashingtonda Efiopiya rahbarining kelishiga qarshi o’tkazilgan norozilik namoyishi zolim tuzumlar bilan hamkorlikning o’ziga xos xavflari ham mavjudligini ko’rsatadi.

Shuning uchun yordam va investitsiya masalasida AQSh ehtiyotkorlik bilan ish tutishi kerak, deydi afrikashunos tadqiqotchi Jenifer Kuk.

“Bu har doim mavjud muammo. Sog’liqni saqlash, ta’lim yoki xavfsizlik sohasida bo’ladimi, AQSh yordami siyosiy rejimlarni qo’llab-quvvatlash uchun ishlatilmasligini ta’minlash kerak. Amerika xavfsizlik bo’yicha manfaatlarga ega davlatlarda buni amalga oshirish qiyin”, - deydi tahlilchi.

Vashington sammitida savdo, taraqqiyot va tinchlikni saqlash masalalariga e’tibor qaratilmoqda. Qonun ustuvorligi, inson huquqlari kabi mavzularda alohida sessiyalar tashkil etilmagan.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Afrika yetakchilarini yig’ib olib, ularga bu mavzuda leksiya o’qishning o’zi to’g’ri emas.

Lekin Obama Afrikada ayrim madaniy o’zgarishlarni amalga oshirish zarurati borligini tilga oldi. U sammit oldidan yosh afrikaliklarni madaniyatlarni hurmat qilishga undab, ayni paytda faoliyat yuritishning ayrim eski usullaridan voz kechish lozimligini ta’kidladi.

“Butunlay tark etish lozim bo’lgan ayrim odatlar bor. Ular uchun hech qanday uzrli holat yo’q. Masalan, qizlarning xatna qilinishi. Kechirasiz-u, lekin men buni yaxshi odat deb hisoblamayman. Vahshiylikka asoslangan va yo’q qilinishi lozim bo’lgan an’ana”, - dedi Obama.

Obamaning Ugandada bir jinsli juftliklarga ko’rsatilayotgan tazyiqlarni qoralashi ham bahsli mavzulardan. Bu yerda besoqolbozlik bilan shug’ullangan shaxslarni bir umrga qamash haqidagi qonun AQSh noroziligi ketidan bekor qilindi.

Jenifer Kukka ko’ra, Obama strategik hamkorlikka putur yetkazmaslik uchun so’zlarni tanlashda ehtiyotkorlik bilan ish tutmoqda.

“Bu masalalarga qanday yondashish bo’yicha AQSh hukumati o’ylab ish qilishi kerak, ayniqsa, besoqolbozlik mavzusida. Afrika yetakchilari va boshqalar G’arb o’z so’zini o’tkazishga urinyapti, deb tushunishi mumkin”, - deydi Kuk.

Nima bo’lishidan qat’i nazar, Obama ma’muyriyati dunyoning tez rivojlanayotgan qit’asi bilan yaqin hamkorlik o’rnatish ahdida qat’iy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG