Obama Keniya o'g'loni sifatida kutib olindi, qarindoshlari bilan ko'rishdi

  • Amerika Ovozi

Obama Africa

Obama Africa

AQSh rahbari Keniyaga tashrif buyurib, Afrika qit'asida ochilayotgan iqtisodiy va biznes imkoniyatlarni olqishladi.

"Odamlarning daromadi oshib, o'rta qatlam shakllanmoqda", - dedi u Nayrobida tadbirkorlar sammitida qilgan chiqishida.

Obama Afrika tez sur'atlarda rivojlanayotganini qayd etib, kompaniyalarni qit'aga sarmoya olib kirishga, mahalliy yoshlarni o'z biznesini ochishga undadi.

Obama otasi tug'ilib o'sgan va dafn etilgan Keniyaga prezident sifatida ilk bor safar qilishi. Prezident Uxuru Kenyatta bilan muloqotda tilga olingan asosiy mavzular - iqtisod, savdo, xavfsizlik, inson huquqlari, terrorizmga qarshi kurash va korrupsiya.

Qo'shma Shtatlar va Keniya qo'shni Somalida qo'nim topgan al-Shabab guruhiga qarshi kurashda yaqin hamkorlikni davom ettiradi, dedi AQSh rahbari. Al-Qoida bilan aloqador bu to'da Keniyada ham bir qancha hujumlarni amalga oshirgan. Joriy yilning aprelida Garissa universitetida jangarilar 148 kishini otib tashlagan edi.

Nayrobida o'tgan matbuot anjumanida Obama korrupsiya va inson huquqlariga alohida urg'u berdi.

"Qonunlarga rioya qilib, birovga ziyon qilmasdan tinch yashab yurgan fuqarolarni faqatgina jinsiy moyilligi o'zgacha bo'lgani sabab nishonga olish to'g'ri emas", - deydi u.

Ammo Prezident Uxuruga ko'ra, gomoseksual insonlar huquqini himoya qilish keniyaliklar uchun muhim masala emas.

"Ochiq aytish kerak, jamiyatimiz va madaniyatimizga to'g'ri kelmaydigan narsalar bor. Xalqimiz o'zi rad etib turgan narsani majburlab o'tkaza olmaymiz", - dedi mezbon.

AQSh rahbariga bir guruh qonunchilar va rasmiylar hamrohlik qillmoqda. Obama Keniyaga oxirgi marta senatorlik davrida, 2006-yilda tashrif buyurgan edi. Safari davomida u qarindoshlari bilan ham ko'rishgan, ammo otasi tug'ilib o'sgan Kogelo qishlog'iga borishi rejalanmagan, deydi rasmiylar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG