Obama Afrikaga e'tiborni oshirmoqda

  • Amerika Ovozi

Shu yilning avgust oyida AQSh prezidenti Barak Obama Vashingtonda Afrika yetakchilari sammitiga mezbonlik qiladi. Bu uning Afrika bilan hamkorlikni oshirayotganidan dalolat. Ammo ko’plab ekspertlarga ko’ra, u mintaqaga yetarli darajada e’tibor qaratayotgani yo’q.
2008-yilda Obamaning prezidentlikka saylanishi afrikaliklar uchun quvonarli hodisa bo’ldi. Ko’pchilik otasi keniyalik bo’lgan prezidentning Afrika bilan hamkorlikni kuchaytirishiga umid qilgan edi.

Ammo umidlar puchga chiqdi. Vaholanki, Obama savdo, iqtisodiy taraqqiyot va demokratiya bobida Afrika bilan yaqin ishlashda davom etmoqda.

“Taraqqiyot yaxshi boshqaruvga bog’liq”, - deydi u.

Obama ma’muriyati “Afrikaga tok bering” dasturi orqali qit’ani ko’proq elektrlashtirish tashabbusi bilan chiqdi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun esa 3 mlrd. dollar yordam ajratdi.

Loyihalar muvaffaqiyatli chiqdi, ammo kechikdi, deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining Afrika dasturi rahbari Jennifer Kuk.

“Boshqa ko’plab global o’yinchilar, masalan, Xitoy, Malayziya, Braziliya, Hindiston va Yevropa savdo sohasida katta ishlar olib bormoqda. AQSh ularga yetib olishda sustkashlik qildi”, - deydi u.

Barak Obama AQShning birinchi qora tanli prezidenti etib saylangach, afro-amerikaliklar quvonchining cheki ko’rinmadi.

Bundan afrikaliklar ham faxr hissini tuydi.

O’tgan yili Obama Senegalga tashrif buyurganida, mahalliy aholining undan umidi katta edi.

“Prezident Obamaning tashrifidan xursandmiz, ammo u bizga ko’proq yordam bersa yaxshi bo’lardi”, - deydi senegalliklardan biri.

Prezidentligining dastlabki choragida Obamaning Afrikaga yetarli e’tibor bermagani sababi shundaki, u AQSh ichidagi inqirozlar bilan ovora edi, deydi Jennifer Kuk.

“Obama prezidentlikka kelganda AQShda biz chuqur iqtisodiy, global iqtisodiy-moliyaviy inqiroz domida edik. Sog’liq tizimi, Iroq va Afg’oniston bo’yicha ham ulkan muammolar bor edi”, - deydi tahlilchi.

Kukning aytishicha, Obamaning Afrikadagi obro’si avvalgi prezidentnikiga qiyoslaganda ancha pasayib ketdi. Bush Afrikada OITSga qarshi kurash yo’lida milliardlab dollar sarflagani bilan taniqli.

“Odamlar o’ylay boshladi: “Bush katta tashabbus bilan chiqdi. Ishga jiddiy kirishdi. Qator safarlar uyushtirdi. Obama esa birinchi muddati davomida Ganaga qisqa tashrif buyurdi, xolos”, - deydi Kuk.

Prezidentlar tarixini o’rganuvchi Alen Lixtman fikricha, Obama o’zini afro-amerikalik rahbar sifatida emas, balki amerikalik prezident qilib ko’rsatishni istaydi.

“U hamma odamlarning prezidenti bo’lib ko’rinishni istadi, afro-amerikaliklarga qiziq bo’lgan masalalar bilan shug’ullanadigan prezident sifatida emas. Birinchi muddati davomida Afrikaga e’tibor bemaslikda haddidan oshgan bo’lishi mumkin, lekin buning sababi bor edi”, - deydi tarixchi.

Obama o’z siyosati orqali Afrikadagi sust taraqqiyot boisi bo’lgan katta muammolarni yo’q qilishga bel bog’lagan.

Vashington Afrika davlatlari sammitiga mezbonlik qilishga hozirlanar ekan, Obamaning Afrikaga e’tiborsizligi haqidagi qarashlar o’zgarishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG