Obama Efiopiyani demokratik o'zgarishlarga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Addis-Abebada Efiopiya Bosh vaziri Xaylemaryam Desalen bilan matbuot anjumanida qatnashmoqda, 27-iyul, 2015-yil

Prezident Barak Obama Addis-Abebada Efiopiya Bosh vaziri Xaylemaryam Desalen bilan matbuot anjumanida qatnashmoqda, 27-iyul, 2015-yil

Afrika bo'ylab safar qilayotgan Prezident Barak Obama kecha Efiopiyaga bordi. U bu davlatni AQShning kuchli hamkori deb, Efiopiya hukumatini jurnalistlar va muxolif partiyalar faoliyatiga chek qo'ymaslikka chaqirdi.

Bugun u mamlakat Bosh vaziri Xaylemaryam Desalen bilan uchrashib, matbuot anjumanida qatnashdi. Obama Efiopiyaning iqtisodiy yutuqlarini olqishlab, buning natijasida millionlab odamlar qashshoqlikdan chiqqanini ta'kidladi, Efiopiyaning "Al-Shabab" jangari guruhiga qarshi kurashdagi rolini yuqori baholadi.

Biroq shu bilan birga, dedi Obama, demokratik taraqqiyotni ham kuchaytirish lozim. Efiopiya bosh vaziri bunga astoydil bel bog'lashini aytdi.

Bu mamlakat parlamenti deputatlarining barchasi hukumatga sodiq odamlar, matbuot nazorat ostida.

Obama poytaxt Addis-Abebada Keniya, Uganda, Efiopiya va Afrika Ittifoqi rahbarlari bilan Janubiy Sudandagi fuqarolar urushi xususida gaplashadi.

"Bu mamlakatda vaziyat tobora yomonlashmoqda. Janubiy Sudan prezidenti va muxolifat yetakchilari o'z manfaatlarini mamlakatnikidan yuqori qo'yib, murosadan bosh tortmoqda", - deydi Qo'shma Shtatlar rahbari.

Obama Efiopiyaga borgan ilk AQSh prezidentidir. Dushanba kungi muzokaralar natijasida Oq uy Sharqiy Afrikada ekstremizmga qarshi kurash uchun qo'shimcha 40 million dollar ajratilishini ma'lum qildi. Bungacha harbiy mashg'ulotlar, harbiy uskuna, ekstremistlarga qarshi kurashga qaratilgan tashabbuslar uchun 465 million dollar ajratish taklif etilgan.

Ertaga Obama Addis-Abebada Afrika Ittifoqi qarorgohida bo'ladi. Bungacha AQSh rahbari Keniyada ikki kun bo'ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG