Obama Afrika safarini yakunladi

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama Afrika Ittifoqi qarorgohida so'zlamoqda, Addis-Abeba, Efiopiya, 28-iyul, 2015-yil

Prezident Obama Afrika Ittifoqi qarorgohida so'zlamoqda, Addis-Abeba, Efiopiya, 28-iyul, 2015-yil

AQSh Prezidenti Barak Obamaning Sharqiy Afrikaga safari yakunlanmoqda. U bugun Efiopiya poytaxti Addis-Abebada Afrika Ittifoqi qarorgohida bo'ldi. Bungacha AQSh rahbari bu tashkilotda bo'lmagan.

Obama nutq so'zlab, AQSh Afrika bilan savdoga katta urg'u berishini aytdi.

"Iqtisodiy hamkorlik ish o'rinlari yaratadi, infratuzilmani, odamlar hayotini yaxshilaydi", - dedi Obama.

Bugun ma'lum bo'lishicha, Qo'shma Shtatlar Afrikaning 11 mamlakatida kichik fermerlarni issiq iqlimga chidamli urug'lar bilan ta'minlashga qaror qildi. Bundan kelasi uch yilda 11 milliondan ziyod xonadon foyda ko'rishi aytilmoqda. AQSh shu maqsadda 140 million dollar ajratmoqda.

Kecha Obama mamlakat Bosh vaziri Xaylemaryam Desalen bilan uchrashib, jurnalistlar va muxolif partiyalar faoliyatiga ruxsat berishni so'radi.

Obama Efiopiyaning iqtisodiy yutuqlarini olqishlab, buning natijasida millionlab odamlar qashshoqlikdan chiqqanini ta'kidladi, Efiopiyaning "Al-Shabab" jangari guruhiga qarshi kurashdagi rolini yuqori baholadi. Biroq shu bilan birga, dedi Obama, demokratik taraqqiyotni ham kuchaytirish lozim.

AQSh rahbari Keniya, Uganda, Efiopiya va Afrika Ittifoqi rahbarlari bilan Janubiy Sudandagi fuqarolar urushi haqida fikr almashdi.

"Bu mamlakatda vaziyat tobora yomonlashmoqda. Janubiy Sudan prezidenti va muxolifat yetakchilari o'z manfaatlarini yurtinikidan yuqori qo'yib, murosadan bosh tortmoqda", - deydi Obama.

Uchrashuv ishtirokchilari Janubiy Sudan rahbarlariga o'zaro kelishib olish uchun 17-avgustgacha muhlat berishdi. Agar bitim bo'lmasa, tomonlar sanksiyaga uchrab, mamlakatga mintaqaviy kuchlar kiritilishi mumkin.

Janubiy Sudanda prezident va vitse-prezidentga sodiq kuchlar bir yarim yildan beri hokimiyat uchun kurashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG