Breaking News

Kuba ilk bor Amerika mintaqasi sammitida qatnashmoqda


AQSh va Kuba rahbarlari yuzma-yuz gaplashadimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:01 0:00

Amerika mintaqasi sammiti, odatda, AQSh matbuotida keng yoritilmaydi. Ammo bu yilgi anjuman farqli, chunki unga Kuba ham taklif etilgan. AQSh rasmiylarining aytishicha, yig'inda AQSh rahbari Barak Obama Kuba Prezidenti Raul Kastro bilan muloqot qilishi mumkin.

2012-yil Kolumbiyada o'tgan so'nggi Amerika sammiti AQSh Maxfiy xizmati xodimlarining fohishalar bilan aloqasi sabab esda qolgan edi.

Bu yilgi anjuman diqqat markazida Kuba turibdi. Gavana delegatsiyasi ilk bor muzokaralar stoliga o'tiradi. Dekabr oyida AQSh Prezidenti Barak Obama yarim asrdan ziyod davom etgan Kubani yakkalash siyosatiga barham berilishini ma'lum qildi.

"Kubaga nisbatan siyosatimizdagi o'zgarish Amerika mintaqasida yetakchilar o'zgargan bir paytga to'g'ri kelyapti. Aprel oyida biz Kubani Amerika sammitiga qabul qilishga tayyormiz", - deydi Barak Obama.

Kuba bilan aloqalarni tiklash orqali AQSh Lotin Amerikasidagi yetakchilik rolini yangilamoqchi. So'nggi paytlarda mintaqa Xitoy va boshqa davlatlar bilan aloqalarni kuchaytirayotgani bois mintaqada AQSh ta'siri susayib borayotgan edi.

Amerikaning Kubaga nisbatan yuritgan yakkalash siyosatidan boshqa mamlakatlar ham aziyat chekdi. Kolumbiyaning Kartagena shahrida o'tgan sammitda Lotin Amerikasi rahbarlari Vashingtonning bu siyosatiga e'tiroz ham bildirgan edi.

Vashingtondagi "Amerikalararo muloqot" tashkiloti rahbari Maykl Shifterning aytishicha, Kubaning taklif etilishi muhim o'zgarish.

"Bu katta ramziy ahamiyatga ega. Mamlakat kamida 50 yil davomida AQSh tomonidan yakkalab qo'yilgan edi, unga mustaqil davlat sifatida munosabatda bo'linmagan. Lotin Amerikasi davlatlari uchun bu o'zgarish juda muhim", - deydi u.

Tanqidchilar esa AQSh qadamini mintaqadagi demokratik kuchlar uchun yo'qotish bo'lishini aytmoqda.

Vashingtondagi Ozod Kuba markazi tahlilchisi Frenk Kalzon fikricha, Gavana demokratik islohotlarni amalga oshirmagan va saylangan hukumatga ham ega emas.

"Inson huquqlarini buzuvchi nuqsonli demokratiya va qonuniy ravishda inson huquqlarini inkor etuvchi totalitar rejim o'rtasida farq bor", - deydi u.

Kubaning Panama sammitidagi ishtiroki, asosan, ramziy ahamiyatga ega. Gavana hanuz AQShning terrorchi davlatlar ro'yxatidan o'rin olgan. Bir paytlar AQShning Kubadagi elchixonasida ishlagan sobiq diplomat Veyn Smitning aytishicha, Kuba sammitning to'laqonli a'zosi bo'lishi uchun Gavana bu ro'yxatdan chiqarilishi kerak.

"Kuba rasmiylari sammitga kelishi mumkin. Lekin barcha a'zolar imzosi talab qilinadigan kelishuvlarga erishilsa, Kuba va AQShning ularga qo'shilishi aniq emas. Kubaliklar bilan imzolanadigan bitimlarni biz qabul qila olmasligimiz mumkin", - deydi u.

Prezident Obama Kubani terrorchilar ro'yxatidan chiqarish niyatida ekanini ma'lum qilgan, ammo buning qachon amalga oshishi ma'lum emas. Ekspertlar Gavananing Panama anjumaniga taklif etilishi to'liq aloqalarni tiklash yo'lida tashlangan qadamlardan eng kattasi bo'lishini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG