Obama Kolumbiyada, maxfiy xizmat xodimlari vatanga qaytarilgan

  • Amerika Ovozi

Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santos va AQSh rahbari Barak Obama, Kartagena, 13-aprel 2012

Kolumbiya prezidenti Xuan Manuel Santos va AQSh rahbari Barak Obama, Kartagena, 13-aprel 2012

Kolumbiyaning Kartagena shahrida o’tayotdan sammitda so’zlar ekan, AQSh rahbari Barak Obama o’z davlatining bugungi qudratiga urg’u berdi.

“Biz Lotin Amerikasidagi eng yirik investor va g’arbiy yarimshardagi eng yirik iste’molchimiz”,- deydi u.

“Qo’shma Shtatlar Shimoliy, Markaziy va Janubiy Amerika mamlakatlarining ishongan hamkori bo’lib qoladi. Savdo aloqalarini mustahkamlashni istaymiz”,- deydi Obama.

Prezident nazarida siyosiy ittifoqchilikni kuchaytirib, Amerika qit’asidagi davlatlar global muammolarni yechishda bir yoqadan bosh chiqarishi kerak.

Amerika davlatlari sammitiga 33 mamlakat rahbari to’plangan, jumladan Kanada, Karib va Lotin Amerikasi davlatlari prezidentlari.

Barak Obamaning nufuzi baland, lekin ko’pchilik Vashington siyosatidan norozi, xususan qoradori savdosiga qarshi kurash sust ekani va Kubaga nisbatan qattiqqo’l yondashuvdan. Sammitda bu orol-davlat rahbari Raul Kastro qatnashmayapti.

Prezident Obamaning Kolumbiyaga safari mashmasha bilan boshlangan. Uning xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul maxfiy xizmat xodimlaridan 12 nafari vatanga qaytarilgan.

Sabab, deya yoritadi “Vashington Post” gazetasi, soqchilar fohishalar bilan tutilgan. Kolumbiyada fohishalik va fohishabozlik maxsus ajratilgan joylarda jinoyat hisoblanmaydi.

Lekin AQSh bunga toqat qilmaydi, ayniqsa maxfiy xizmatning o’zi, deydi rasmiylar.

Maxfiy xizmat voqeani tasdiqlamayapti, lekin rad etayotgani yo’q. Amerika matbuotining aniqlashicha, tergov boshlangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG