Obama talaba qarzlari uchun foiz stavkalari past bo'lishini istaydi

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidenti Barak Obama oliy o’quv yurtlariga uyushtirgan ikki kunlik safari davomida Chapel Hildagi Shimoliy Karolina universitetiga ham tashrif buyurdi. 24-aprel, 2012-yil.

AQSh prezidenti Barak Obama oliy o’quv yurtlariga uyushtirgan ikki kunlik safari davomida Chapel Hildagi Shimoliy Karolina universitetiga ham tashrif buyurdi. 24-aprel, 2012-yil.

AQSh prezidenti Barak Obama shu hafta yoshlar ko’ngliga yo’l izlab, Shimoliy Karolina, Kolorado va Ayova universitetlarida to’xtadi. O’qish uchun davlatdan olinadigan qarz foiz stavkalarini kamaytirish kerak, dedi u.

“Men va raqifam Mishel kollej uchun olingan qarzlarni to’lash qanchalik qiyin ekanini yaxshi bilamiz”, - dedi Obama Shimoliy Karolina Universitetida talabalar bilan uchrashuv chog’ida.

“Xuddi sizlarday, boy oiladan chiqqan emasmiz. Shuning uchun o’qishni bitirganimizda yelkamizda tog’dek qarz bor edi. Turmush qurganimizda ikkimiz ham qashshoq edik”, - deydi prezident.

Hozir studentlar hukumatdan o’qish uchun olgan qarziga 3,4 foiz to’laydi. Bu qonun bilan belgilab qo’yilgan, lekin uning muddati 1-iyulda tugaydi. Demak, foiz stavkalari ikki baravar oshib, 6,8 ga chiqishi mumkin.

Prezident Obama Kongressdan hujjat muddatini uzaytirishni so’ramoqda.

“Oliy ta’limga hammaning qurbi yetishi kerak. Bu iqtisod talabi. Amerikada har bir oila o’qish imkoniga haqli”, - deydi Obama.

Prezident ikki kun davomida uch universitet, Shimoliy Karolina, Kolorado va Ayova shtatlari ta’lim dargohlarini kezdi. U shu tariqa yosh saylovchilar mehrini, ovozini qozonmoqchi. Bu shtatlar noyabrdagi prezident saylovlari taqdirini hal qilishi hech gapmas.

Qonunchilar bilan bog’laning, “Twitter” kabi ijtimoiy tarmoqlarni ishga soling, dedi Obama.

Obama yo’qsillikda kechgan talabalik yillarini eslarkan, respublikachi raqibi, boy xonadon farzandi Mit Romnini niqtab o’tdi.

O’z navbatida Romni ham talabalar uchun qarz foiz stavkalari oshmasin deb chiqmoqda.

Hozir Vakillar Palatasida hukmron respublikachilar amaldagi qonunni vaqtincha uzaytirish ustida bahs qilmoqda. Bir yilda bu chora 6 milliard dollarga tushadi.

Obama esa foiz normalari ikki karra oshsa, 7 milliondan ziyod talaba ziyon ko’radi, deydi.

Rasmiy hisob-kitobga ko’ra, Amerikada 15 foiz aholi o’qish qarzi bilan yashamoqda. Ularning qarzi taxminan 1 trillion dollarni tashkil etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG