Breaking News

Prezident Obama Tailandda. Kambodjada ASEAN sammiti boshlandi


Лісабон
Лісабон
Prezident Barak Obama Osiyo qit’asiga safari davomida bugun Tailandga borgan. AQSh rahbari Bangkokda Bosh vazir Yingluk Shinavatra bilan uchrashdi. Bu Obamaning qayta saylanganidan so’ng ilk xorijiy safari. U Birma va Kambodjada ham bo’lishi rejalangan.

Obama saylov kampaniyasida iqtisodiyotni kuchaytirishga so’z bergan ekan, Osiyo bilan siyosiy va iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirish AQSh tashqi siyosatining yangi va muhim yo’nalishlaridan biriga aylanmoqda.

Obama Birmaga safar qilgan ilk Amerika prezidenti bo’ladi. U ko’p yillik harbiy diktaturadan so’ng siyosiy islohotlarga qo’l urgan Birma hukumatiga dalda bermoqchi.

Obama bu mamlakat prezidenti Teyn Sheyn va muxolifat rahbari Aun San Su Chi bilan uchrashadi.

Ayrim huquq tashkilotlariga ko’ra, Amerika rahbari Birmaga safar qilishda bir oz shoshdi. Avval islohotlarning chuqurlashishini, barcha siyosiy mahbuslarning ozod etilishini, etnik va diniy guruhlar o’rtasidagi nizolarga barham berilishini kutish kerak edi, deydi ular.

Biroq Obamaning aytishicha, uning safari AQSh Birma hukumati siyosatini olqishlaydi degani emas.

"Birmada haqiqiy o’zgarishlarga hali ancha bor. Buni tan olamiz. Ammo ular bilan muloqot uchun Birmaning haqiqiy demokratiyaga aylanishini kutadigan bo’lsak, uzoq kutishga to’g’ri keladi", - deydi Obama.

AQSh rahbari tashrif bahonasida shu paytgacha erishilgan yutuqlarni olqishlab, bu davlatga yo’l-yo’riq ko’rsatmoqchimiz, dedi. Kambodjada Obama Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi, ASEAN yig’ilishida ishtirok etadi.

Sammit Kambodja poytaxti Pnompenda o’tmoqda. Ayrim a’zo mamlakatlarda inson huquqlari ahvoli, hududiy bahslar, iqtisodiy hamkorlik, Birmadagi qonli milliy nizolar muhokama etilmoqda.

Bugun anjumanning birinchi kuni. 10 davlat a’zo ASEAN tashkiloti Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi da’volariga qarshi birgalikda harakat qilmoqchi. Pekin tabiiy resurslarga boy zonani o’ziniki deb biladi. Ammo Vyetnam, Filippin, Malayziya, Bruney va Tayvan ham dengizning bir qismi bizga tegishli, deydi.

Bugun a’zo-davlatlar qo’shma bayonot qabul qilib, mintaqada inson huquqlarini himoya qilishga va’da bergan. Ammo huquq tashkilotlari nazarida hujjat xom tayyorlangan.

Sammit davomida Birmada buddistlar va musulmonlar o’rtasidagi nizolar ham muhokama etiladi. Zo’ravonliklar natijasida iyun oyidan beri 22 mingdan ziyod odam uyini tashlab chiqishga majbur bo’lgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG