Kaliforniya ASEAN sammitiga mezbon bo'ladi

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama Janubiy Koreya rahbari Pak Gin Xe ASEANning Malayziyadagi sammitida. 21-noyabr, 2015-yil.

Prezident Obama Janubiy Koreya rahbari Pak Gin Xe ASEANning Malayziyadagi sammitida. 21-noyabr, 2015-yil.

Prezident Barak Obama kelasi hafta Kaliforniyada ASEAN davlatlari sammitiga mezbonlik qiladi.

10 mamlakatni o'z ichiga olgan Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari ittifoqi anjumanida savdo va mintaqa xavfsizligi asosiy mavzular bo'ladi. Obama ma'muriyati Osiyo-Tinch okeani regioniga e'tiborni oshirar ekan, sammit ana shu siyosatning davomidir.

ASEAN rahbarlari dushanba va seshanba kunlari Kaliforniya janubida ko'rishadi. Prezident Obama 2013-yil Xitoy rahbari Shi Zinpinni shu yerda qabul qilgan edi.

Xitoy ASEANga a'zo emas, lekin Amerikaning bosh savdo hamkori. ASEAN davlatlari esa AQSh bilan savdo ko'lami jihatidan to'rtinchi o'rinda turadi.

Los-Anjeles va Long-Bich sohillarida hozir Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari bilan savdo gullayapti.

"Los-Anjeles bilan 2014-yilda 53 milliard dollar savdo qilindi. Bu davlatlar bizning eng yirik savdo hamkorlarimizdan", - deydi biznesmen Stiven Chang.

Amerika va Xitoy Janubi-sharqiy Osiyo o'lkalari bilan savdo-sotiqni oshirishga harakat qilib keladi. 625 million aholini o'z ichiga olgan bu iqtisodiyotlar ko'lami 2 trillion dollarni tashkil etadi. Bu davlatlar o'tgan yili yagona savdo zonasini yaratishga kelishdi.

AQSh 12 mamlakatdan iborat Trans-Tinch okeani hamkorlik ittifoqini tebratuvchi kuch sanaladi.

ASEANning barcha 10 vakili Xitoy olg'a surayotgan Tinch okeani erkin savdo hududiga ham qo'shilishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG