Avstraliya AQShga o'z harbiy bazalaridan foydalanish huquqini beradi

  • Amerika Ovozi

(Chapdan o'ngga) Avstraliya Mudofaa vaziri Stiven Smit, Tashqi ishlar vaziri Kevin Rudd, AQsh Davlat kotibi Xillari Klinton va Mudofaa vaziri Leon Panetta, San-Fransiskoda, 15-sentabr, 2011-yil.

(Chapdan o'ngga) Avstraliya Mudofaa vaziri Stiven Smit, Tashqi ishlar vaziri Kevin Rudd, AQsh Davlat kotibi Xillari Klinton va Mudofaa vaziri Leon Panetta, San-Fransiskoda, 15-sentabr, 2011-yil.

Hafta oxirida AQShning Gavayi shtatida Osiyo va Tinch Okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti bo'lib o'tadi. Shundan so'ng prezident Barak Obama Amerikaning eng yaqin ittifoqchilaridan biri Avstraliyaga yo'l oladi. Bu mamlakat Qo'shma Shtatlar qurolli kuchlariga o'z harbiy bazalaridan foydalanish huquqini bermoqchi.

Prezident Obama Avstraliyaga o'tgan yili borishi kerak edi, ammo tashrif ikki bor qoldirildi. Birinchi marta sog'liqni saqlash tizimini isloh qilishga qaratilgan tashabbusi Kongressda ko'rilayotgan payt, ikkinchi marta esa Meksika ko'rfazida falokat yuz berib, minglab tonna neft to'kilgach.

Avstraliya AQShning mintaqadagi eng yaqin besh hamkoridan biri. Amerika rahbarligida tuzilayotgan Tinch Okeani orti hamkorlik guruhiga kirishga umid qilayotgan to'qqiz mamlakat qatoriga kiradi.

Prezident Obama Avstraliyada bir kun bo'ladi. Aynan shu kuni 1951-yilda AQSh, Avstraliya va Yangi Zelandiya ishtirokida tuzilgan ANZUS xavfsizlik blokining 60 yilligi nishonlanadi.
Obama poytaxt Kanberrada Avstraliya parlamenti oldida nutq so'zlaydi. So'ng Darvin shahriga ham boradi.

Ikki davlat harbiy va razvedka sohasida yaqindan hamkorlik qiladi. Masalan, Afg'onistonda NATO qo'shinlari tarkibida Avstraliya askarlari ham bor. Amerika rahbari u yerda halok bo'lgan zobitlarni yodga oladi.

Yaqinda ikki davlat mudofaa vazirlari uchrashib, harbiy aloqalarni kuchaytirishga kelishib oldi. Xususan AQShga mamlakat g'arbidagi bazalardan foydalanish huquqi beriladi.

Strategik va xalqaro izlanishlar markazi eksperti Ernest Bauerning aytishicha, bu juda ham muhim kelishuv.

"So'nggi ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, avstraliyaliklarning 55 foizi uni qo'llab-quvvatlaydi. Xitoy qudratidan tashvishga tushayotgan davlatlar uchun AQShning regionda bo'lgani yaxshi. Muvozanatni ta'minlaydi", - deydi Bauer.

Mintaqa tahlilchilariga ko'ra, Avstraliya AQSh qurolli kuchlari joylashuvini yangidan belgilash jarayonida muhim rol o'ynaydi.

Bu mamlakatning AQShdagi elchisi Kim Bizlining aytishicha, ANZUS Sovuq urush davrida tuzilgan yagona xavfsizlik tuzilmasidir.

"Sovuq urush tugagach, shu kabi bloklar maqsadini yo'qotib, faoliyati to'xtab qolgan, ammo ANZUS paktiga a'zo davlatlar o'rtasida aksincha hamkorlik yanada kuchaydi", - deydi elchi.

Yaqinda Tinch Okeani mintaqasida bo'lib qaytgan AQSh Davlat kotibining muovini Uilyams Byornsning aytishicha, Gavayida bo'ladigan sammitda Obama AQShning mintaqa xavfsizligi va iqtisodiy taraqqiyotiga doir siyosatini tushuntirib beradi.

"Qo'shma Shtatlar anchadan beri regionda diplomatik, harbiy va iqtisodiy kuchdir. Davlat kotibi Xillari Klinton aytganidek, u yerdan ketish rejasi yo'q. Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Filippin va Tailand kabi tarixiy ittifoqchilarimizga sodiq qolamiz", - deydi rasmiy.

Byornsning aytishicha, Qo'shma Shtatlar dengizda erkin harakatlanish va yuklarni to'siqsiz tashish tarafdori.

"ASEAN davlatlari va Xitoy bunga doir qoidalar bo'lishiga rozi", - deydi u.

Avstraliyadan so'ng prezident Obama Sharqiy Osiyo sammitida ishtirok etish uchun Indoneziyaning Bali oroliga boradi. Xitoy va Rossiya prezidentlari bilan muloqot qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG