Breaking News

Avstraliya - AQShning muhim hamkori


Prezident Obama va Avstraliya Bosh vazirasi Juliya Gillard, 16-noyabr, 2011-yil, Kanberra, Avstraliya
Prezident Obama va Avstraliya Bosh vazirasi Juliya Gillard, 16-noyabr, 2011-yil, Kanberra, Avstraliya

Yangi Zelandiya, Avstraliya va Qo'shma Shtatlar o'rtasida imzolangan ANZUS harbiy blokining tashkil topganiga 60 yil to'lar ekan, prezident Obama bugun Avstraliyada. Bosh vazir Juliya Gillard bilan uchrashuvdan so'ng matbuot anjumanida qatnashib, Avstraliyada qo'shimcha askarlar joylashtirilishi haqida e'lon qildi.

Buning uchun mamlakat shimolida AQSh qo'shinlariga bir baza ajratilgan. Avval 200 askar safarbar etiladi, so'ng ularning soni 2500 ga yetkaziladi. Ikki tomon imzolagan bitimga ko'ra, baza AQSh harbiy samoloyotlariga ham ochiq bo'ladi.

Prezident Obamaning aytishicha, Qo'shma Shtatlar endi tabiiy ofat yoki xavfsizlikka tahdidlarga javob berishi tezlashadi hamda mintaqa harbiylari bilan mashq qilishi osonlashadi.

ANZUS Sovuq urush davrida qo'l kelgan bo'lsa-da, Avstraliya hukumati unga bugun ham ehtiyoj katta demoqda.

Harbiy bitimning 60 yilligi sentabr oyida San-Fransiskoda nishonlangan edi. O'shanda AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton nutq so'zlab, Avstraliyani Amerikaning eng sodiq ittifoqchisi deb atagan.

Birinchi Jahon urushidan beri Avstraliya AQSh tomonida turib jang qilgan hamda buning uchun eng ko'p askar safarbar etgan mamlakatdir.

Sidney universitetida Qo'shma Shtatlar bo'yicha izlanish markazi rahbari Jeffri Garrettning aytishicha, Obamaning tashrifi AQSh diplomatiyasida jiddiy o'zgarishdan dalolat.

"Nazarimda Qo'shma Shtatlar tashqi siyosat va terrorga qarshi urushda diqqatni Yaqin Sharqdan Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga qaratmoqda".

Tahlilchi deydiki, regional savdo va xavfsizlik bobida Avstraliyaga kattaroq rol ajratilmoqda.

"Amerika rahbarlari Avstraliyadan yaxshiroq do'st yo'q deb hamisha gapirib keladi. Aslida ham shunday. Tinch okeani orti erkin savdo zonasiga doir hujjatlarni tayyorlashda Avstraliya o'zini muhim sherik qilib ko'rsatdi. Harbiy hamkorlik bobida ham Qo'shma Shtatlar barcha mamlakatlar orasida Britaniyadan keyin aynan Avstraliya bilan a'lo munosabatlarga ega", - deydi mutaxassis.

Rasmiy Kanberra Amerika harbiylariga shimolda qo'shimcha baza berishini aytdi. Bu hol Xitoyni xavotirga solyapti.

Sidney universiteti tahlilchisi Tom Svitserning aytishicha, Avstraliya mudofaa va iqtisodiyotni muvozanatda ushlashi lozim.

"Xitoy qudratining oshayotganiga AQSh va Avstraliya turlicha qaraydi. Masalan, Amerika uchun bu mintaqada geosiyosiy raqibdir. Avstraliya uchun esa eng yirik savdo hamkori. Ammo hozirgi sharoitda birdaniga ikkita egarda o'tirib bo'lmaydi. AQShning xavfsizlik bobidagi rejasida faol ishtirok etish va Xitoy bilan savdo munosabatlarini kengaytirish Avstraliya uchun oson kechmaydi. Ayniqsa, Janubiy Xitoy dengizi yoki Tayvan bo'g'ozida vaziyat taranglashgudek bo'lsa, rasmiy Kanberra o'zini qanday tutishi ma'lum emas", - deydi Svitser.

Prezident Obamaning tashrifi davomida Afg'oniston masalasi ham ko'tariladi. Avstraliya so'nggi paytda u yerda ko'p askar yo'qotdi, biroq mamlakatni muddatidan erta tark etmoqchi emas. Ayrim arboblar hukumatdan shuni talab qilayotgan bo'lsa-da.

Urushga qarshi faol Pip Xinmanning aytishicha, afg'on kampaniyasi davlat g'aznasiga qimmatga tushmoqda, harbiylar nobud bo'lmoqda.

"Urush aksincha Afg'onistonni parchalamoqda, endi esa navbat Pokistonga ham kelmoqda. Bu urushda ma'no qolmadi, bu - nohaq urush", - deydi Xinman.

Ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, afg'on kampaniyasini qo'llab-quvvatlovchi avstraliyaliklar kamaygan bo'lsa-da, Amerika bilan aloqalarini kuchaytirish tarafdorlari ko'paygan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG