Obama: Yadro arsenalni kamaytirish kerak

  • Amerika Ovozi

Berlin, 19-iyun, 2013

Berlin, 19-iyun, 2013

AQSh prezidenti Barak Obama bugun Germaniya poytaxti Berlinda minglab odamlar oldida katta nutq so’zladi. Asosiy e’tiborni u yadro qurolidan xoli dunyo yaratishga qaratdi.


Tarixiy Brandenburg darvozasi oldidagi ma’ruzasidan oldin Barak Obama kansler Angela Merkel bilan alohida muzokaralar o’tkazdi.

Suriyadagi fuqarolik urushi, Afg’onistondagi vaziyat, AQSh maxfiy dasturlari, xususan millionlab fuqarolarning telefoni va internetga qaysi saytga kirgani zimdan kuzatilgani haqida gaplashib oldi.

Ikki rahbarning matbuot anjumanida Obamadan Suriyadagi isyonchilarga qanday harbiy madad jo’natilishi borasida so’ralgan. AQSh rahbari aniq javob berishdan bosh tortgan. Uning aytishicha, Amerika Yaqin Sharqda yangi urushga o’ralashib qolayotgani haqidagi xabarlar asossiz.

Merkelning aytishicha, “dushmanlar va opponentlar” internet vositasida demokratiyaga tahdid solishni odat qilgan. Ammo, deydi u, Qo’shma Shtatlar rahbariyati xavfning oldini olish va fuqarolar erkinligini e’zozlash o’rtasida farqni tushunishi lozim.

Obama, o’z navbatida, AQSh razvedkasi fuqarolarning elektron xatlarini ketma-ket tintiyotgani yo’q, deydi. Kuzatuv federal sudning sinchkov tekshiruvi ostida olib borilayapti va bu maxfiy dastur minglab odamlarning hayotini saqlab qoldi, deydi prezident.

Obama o’z nutqida Amerika va Rossiyada Sovuq urush merosi bo’lgan strategik yadro golovkalari sonini uchdan birga qisqartirishga tayyor ekanini aytdi. Ikki davlat hozirda muhokama qilayotgan START bitimi 2018-yilgacha bu qurollar sonini 1550 donaga kamaytirishni nazarda tutadi.

Obama jahonda yadro quroli tarqalishining oldini olishga, Eron va Shimoliy Koreya kabi davlatlarga bosimni oshirishga va’da berdi.

“Ommaviy qirg’in quroli bor ekan, dunyo tom ma’noda bexatar bo’lmaydi”, - dedi AQSh rahbari.

Yevropadagi ittifoqchilar AQSh siyosatini qo’llab-quvvatlashi kerak, dedi u.

“Qo’shma Shtatlar va hamkor davlatlarning qo’shinlari Afg’onistonda jang qilmoqda, terrorizmga qarshi kurash og’iri asosan bizning yelkamizda”, - deydi Obama.

“Shunday ekan, nafaqat tashqi, balki ichki xavfdan ham ehtiyot choralari ko’rishimiz lozim. Bunda fuqarolar ogohligi ham nihoyatda muhim”, - deydi prezident.

Brandenburg darvozasi o’tmishda AQShning ikki yetuk rahbarining ma’ruzasiga guvoh bo’lgan. Berlin devori qad ko’targanidan ikki yil o’tib, 1963-yilda G’arbiy Germaniyaga borgan prezident Jon Kennedi “Men Berlin farzandiman” deb hayqirgan. Uning bu so’zlari Sharqiy Germaniyada hukmron Sovet siyosatiga qarshi isyon sifatida ko’riladi.

1987-yilda prezident Ronald Reygan Berlinda so’zlar ekan, Sovet Ittifoqi rahbari Mixail Gorbachevni Berlin devorini buzishga chaqirgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG