Bostondagi mashmasha ketidan Obama va Putin telefonda gaplashdi

  • Amerika Ovozi

Oq Uy, 19-aprel, 2013

Oq Uy, 19-aprel, 2013



Bostondagi portlashlarni uyushtirishda gumon qilinayotgan shaxs hibsga olinganidan ko’p o’tmay prezident Barak Obama Oq Uydan turib xalqqa murojaat qildi.

“Ruhimiz kuchli, bizni hech kim sindirolmaydi. Biz buyuk xalqmiz, Boston esa ulug’ shahar”, - dedi AQSh rahbari.

Amerika barcha elat va din vakillarini o'z bag’riga olgan va olishda davom etadi. Dushman madaniy xilma-xillik emas, balki terrorizmdir, deydi u.

15-aprelda yuz bergan qonli portlashlarni uyushtirganlikda gumon qilinayotgan ikki shaxs chehen ekanligi aniqlanganidan keyin Boston politsiyasi bu etnik guruh vakillariga nisbatan munosabat yomon tarafga o’zgarishi mumkin deya xavotir bildirgan va ommani bag'rikenglikka undagan edi.

Politsiyaning ma’lum qilishicha, 19-yoshli Johar Tsarnayev hibsga olinish chog’ida qattiq jarohatlangan va kasalxonaga yetkazilgan.

“Bu hafta shahrimiz uchun qiyin bo’ldi. Lekin endi ov tugadi. Bostonliklar xotirjam uxlashi mumkin”, - deydi politsiya boshlig'i Pol Difava.

Boston ahli Tsarnayev hibsga olinganini bayram qilmoqda. Shahar bir necha kundan beri qo'rquvda edi. Transport to'xtagan va o'tgan 24 soat mobaynida politsiya odamlardan ko'chaga chiqmaslikni so'rayotgan edi. Maktablar, ishxonalar va bizneslar yopiq edi.

O’z chiqishida Obama Texas shtatidagi korxonada sodir bo'lgan portlashni ham tilga olib, "aziyat chekkan vatandoshlarimizdan yordamni ayamaymiz, qayta qurish uchun zarur mablag’ni ajratamiz", - dedi.

Rossiya va Amerika terrorizmga qarshi birgalikda kurashadi. Oq uy va Kreml bugun shuni qayd etmoqda. Bostondagi mashmasha ketidan prezidentlar Barak Obama va Vladimir Putin telefonda uzoq muloqot qilgan.

Putin Bostondagi portlashlarda o’lgan odamlarning oilalariga Obama orqali hamdardlik bildirib, xavfsizlikni ta’minlash ustuvor vazifa deya ta’kidlagan.

Xurujlarda gumon qilingan shaxslar chechen ekani, Shimoliy Kavkazda Rossiya hamon terrorist kuchlar, jangarilarga qarshi kurashayotgani suhbatda tilga olingan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG