Barak Obama yurtini kezib, saylovchi ko'nglini ovlamoqda

  • Amerika Ovozi

Jeymstaun, Shimoliy Karolina shtati, 18-oktabr 2011

Jeymstaun, Shimoliy Karolina shtati, 18-oktabr 2011

Amerika prezidenti Barak Obama iqtisodiy siyosatini targ’ib qilib, shaharma-shahar safar qilmoqda. Hozir u 2012-yilgi saylovda g’alaba uchun muhim Shimoliy Karolina va Virjiniya shtatlarida.

2008-yilda Shimoliy Karolina uchun poygada Barak Obama jindak farq bilan respublikachi raqibi Jon Makkeynni mag’lub qilgan edi. Qo’shni Virjiniya shtati katta tafovut bilan Obamaga nasib etgan.

Lekin oxirgi so’rovlarga qaraganda, har ikki shtatda Barak Obamani qo’llab-quvvatlaganlar soni 40 foizdan kam. Iqtisodiyot arang turgan bir paytda AQSh bo’ylab uning reytingi pastlab bormoqda.

Dushanba kuni u mana shu ikki shtat bo’ylab uch kunlik safarga chiqdi. Yil boshida Ayova, Minnesota va Illinoysda bo’lgani kabi prezident xalq ko’ngliga yo’l topishga urinmoqda.

“Amerika iqtisodiyotini mustahkamlab, ish o’rinlari yaratmoqchiman, lekin raqib Respublikachilar partiyasi gapga ko’nmayapti. Ana o’shalarga bosimni oshirish kerak”, - deydi Barak Obama.

Amerika rahbari muxolifatni kasb-joylarni yo’q qilib, oddiy xalqqa soliqlarni oshirayotganlikda ayblab, tanqid qildi.

AQSh Senati prezidentning boylarga soliqlarni oshirib, o’rta hol oilalarni suyab yuborish, ish o’rinlarini ochishga qaratilgan 447 milliard dollarlik tashabbusiga yo’l bermayapti.

Obama loyiha qisman ma’qullanishiga rozi. Qurilish sohasida ko’proq ish yaratishga doir 50 milliard dollarlik qismi.

Shimoliy Karolinaning ta’mirtalab Eshvil aeroportida so’zlagan prezident taklifni tasdiqlash naqadar zarur ekanini ta’kidladi.

“Dunyoning eng zo’r avtomobil yo’llari va aeroportlari Xitoyda qurilishiga qo’l qovushtirib qarab o’tira olmaymiz. Bu imorat va ob’yektlar shu yerda, Amerikada, Shimoliy Karolinada bunyod etilishi lozim”, - dedi Barak Obama.

Uning aytishicha, Demokratlar partiyasi hamon ko’pchilik Senat u olg’a surgan qonun loyihasining ko’proq muallim, politsiyachi va o’t o’chiruvchi yollash haqidagi bandini ko’rib chiqishi kutilmoqda.

Senatdagi respublikachilar yaqinda ish o’rinlarini ko’paytirish borasida o’z taklifi bilan chiqdi.

Barak Obama buni bor-yo’g’i siyosiy o’yin deb ta’riflaydi. “Fuqaro oldida javob berishi kerak bo’ladi ular”, - deydi prezident.

Xalq bilan ko’rishib, deyarli eshikma-eshik yurib, qo’l siqishayotgan Barak Obama 2008-yilgi qiyofasiga ishora qilmoqda. “Hamma ish qo’limizdan keladi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG