Amerika va Britaniya bir-birining suyangan tog'i, deydi Obama

  • Amerika Ovozi

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron Oq uyda prezident Barak Obama bilan matbuot anjumanidan keyin, 14-mart, 2012-yil, Vashington

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron Oq uyda prezident Barak Obama bilan matbuot anjumanidan keyin, 14-mart, 2012-yil, Vashington

Chorshanba kuni prezident Barak Obama Oq uyda Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron bilan muloqot qildi.

Arboblar Afg'oniston, Suriya va Eron masalasida fikr almashdi. Obamaning aytishicha, Afg'onistonda AQSh zobiti 16 afg'onni o'ldirganiga qaramay jiddiy yutuqlar bor.

"Vazifamiz og'ir, ammo al-Qoida va Tolibonga qarshi urushda AQSh va NATO qo'shinlari muvaffaqiyatga erishmoqda", - deydi Obama.

Britaniya rahbarining aytishicha, koalitsiya qo'shinlari Afg'onistonni mukammal davlatga aylantira olmaydi, ammo sezilarli o'zgarishlar amalga oshirilmoqda.

So'nggi ommaviy izlanish natijalariga ko'ra, AQShda afg'on kampaniyasiga xayrixohlik pasaymoqda. So'ralganlarning 61 foizi qo'shinlar vataniga zudlik bilan qaytarilishi kerak, deydi.

Obama va Kameron Suriyadagi vaziyatga ham to'xtaldi. AQSh rahbari tinch aholiga qarshi zulmni qoralab, Suriyaga gumanitar yordam yetkazish zaruratini ta'kidladi va Bashar al-Assadning yaqin kelajakda hokimiyatdan ketishiga umid bildirdi.

Prezident Obama Eronga yadro qurolini qo'lga kiritishiga yo'l qo'ymaymiz, rasmiy Tehron xalqaro majburiyatlaridan bo'yin tovlasa, sanksiyalarni kuchaytiramiz, dedi.

Obama nazarida AQSh va Britaniya munosabatlari hozir a'lo darajada.

"Bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilamiz, yaxshi kunlarda ham, yomon kunlarda ham birgamiz. Birligimiz xavfsizlik va farovonligimiz garovidir. Bundan dunyo ham foyda ko'radi", - deydi Obama.

Britaniya bosh vazirining aytishicha, jahon tarixida bu qadar do'stlik va hamkorlik bo'lmagan hali.

"Qachonki ikki davlat rahbarlari uchrashmasin, jiddiy va muhim masalalar muhokamada bo'ladi", - deydi u.

Obama va Kameron NATO va Katta Sakkizlik sammitlari xususida ham gaplashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG