Obama qayta saylanish uchun targ'ibotga zo'r bermoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama Virjiniyada saylovchilar bilan uchrashmoqda, 4-may, 2012-yil

Prezident Obama Virjiniyada saylovchilar bilan uchrashmoqda, 4-may, 2012-yil

Prezident Barak Obama 2016-yilgacha Oq uyda qolishni ko'zlar ekan, saylov kampaniyasi avjida. Saylovlargacha yana olti oy bor. Prezident sog'liqni saqlash, ta'lim va iqtisodiyotga katta urg'u bermoqda.

Obama saylov kampaniyasini Kolumbus shahridan, Ogayo shtati universitetidan boshladi. Unga to'rt yil burun ovoz bergan tarafdorlaridan yana bir bor qo'llab-quvvatlashni so'radi.

"Boshlagan ishni oxirigacha yetkazishimiz kerak. Ruhimiz va shashtimiz baland", - deydi prezident.

Shundan so'ng Obama Virjiniya shtatining Richmond shahridagi universitetga ham bordi.

Tahlilchilar nazarida Ogayo va Virjiniya bu yilgi saylovlarda hal qiluvchi shtatlar bo'ladi.

Ogayodek sanoatlashgan joyda iqtisodiyot saylov kampaniyasidagi muhim mavzulardan biri bo'lishi aniq.

"Eksport oshdi. So'nggi ikki yilda to'rt million ish o'rinlari yaratildi. Shulardan bir milliondan ziyodi so'nggi olti oyda", - deydi davlat rahbari.

6-noyabrda bo'ladigan saylovlarda Obamaning asosiy raqibi respublikachilardan nomzod Mitt Romni bo'lishi kutilmoqda. Uning aytishicha, Obamaning hozirgi siyosati tufayli iqtisodiy tiklanish sust kechmoqda. Romni prezident taklif qilgan sog'liqni saqlash qonunini tanqid qiladi.

Pitsburgdagi chiqishi paytida Romni qonunni bekor qilishga chaqirdi.

"Qonundan qutulsak, ishchi yollashdan qo'rqayotgan tadbirkorlar, innovatorlar, bizneslar yengil tortadi", - deydi Romni.

Prezident sog'liqni saqlash dasturini himoya qilar ekan, Romnini mamlakat taraqqiyotiga to'sqinlik qilayotganlikda aybladi.

"Amerikaliklar moliya bozori va sog'liqni saqlash tizimiga doir janjallarga qaytishni istamaydi", - deydi u.

Mishel Obama saylov kampaniyasida turmush o'rtog'iga faol yordam bermoqda.

"Bu masalada xolis bo'lolmayman, chunki shaxsan men prezidentimizni zo'r deb o'ylayman", - deydi Mishel Obama.

Ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, xalq prezidentdan ko'ra rafiqasini ko'proq yaxshi ko'radi.

Obama uchun saylov kampaniyasi endi boshlandi. Oldinda hali ko'p shtatlarni kezish kerak. Prezident o'tgan saylovlarda unga yordam bergan yoshlar bilan yaqindan ishlash niyatida.

Bugun ma'lum bo'lishicha, respublikachilardan yaqingacha prezidentlikka da'vogar bo'lgan sobiq senator Rik Santorum Mitt Romnini qo'llab-quvvatlashini rasman ma'lum qildi.

Santorum Romni bilan o'tgan hafta yuzma-yuz uchrashganini aytib, uning qator masalalar bo'yicha pozitsiyasi hamohang ekanini saylovchilariga internet orqali bildirdi va ularni saylovlarda Romniga ovoz berishga chaqirdi.

Jumladan, soliqlarni tushirish, federal hukumatni kichraytirish, abort va ayni jins vakillari o'rtasidagi nikohlarni man qilish kabi masalalar bo'yicha hamfikrmiz, deydi u.

"Respublikachilar partiyasi oldida turgan asosiy vazifa prezident Obamani noyabrda bo'ladigan asosiy saylovda mag'lub qilish", - deydi Santorum.

Sobiq senator ichkipartiyaviy saylovlarda 11 shtatda g'olib bo'ldi, biroq Romnidan o'zib keta olmadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG