AQSh va Kuba do'stlik tomon katta qadam tashladi

  • Amerika Ovozi

Amerika va Kuba rahbarlari bir-biri bilan ko'rishdi, yarim asr o'tib

Amerika va Kuba rahbarlari bir-biri bilan ko'rishdi, yarim asr o'tib

Panamada o'tayotgan mintaqaviy yig'inda Amerika va Kuba rahbarlari qo'l berib so'rashdi. Yarim asr ichida dunyo bunga guvoh bo'lmagan. Amerika davlatlari yig'inida Barak Obama va Raul Kastro qisqacha gaplashgan.

Ikki kun oldin prezidentlar telefonda muloqot qilgan edi. AQSh va Kuba tashqi ishlar vazirlari ham muzokarada.

Kommunist Kuba endi Vashington nazarida dushman mamlakat emas va oradagi cheklovlarni bekor qilish payti yetgan. Yaqin kunlarda Obama Kuba "terrorizm homiysi" emas deb, shu boradagi cheklovni olib tashlashi kutilmoqda.

Terrorizm homiylari ro'yxatida Eron, Sudan va Suriya ham bor. Obama fikricha ular orasida Kubaga o'rin yo'q.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bu yaqinlashuvni tarixiy voqea deb atab, prezidentlarni maqtadi.

"Kuba bilan aloqalarni tiklar ekanmiz, o'z qadriyatlarimizni targ'ib qilishda davom etamiz. Fuqaro jamiyati, demokratiya, erkinlik, huquq va qonun ustuvorligi. Biz bilan hamkor bo'lishni istagan davlat bularni ta'minlashga harakat qilishini istaymiz. Siyosiy qarashlar turlicha bo'lgani bilan inson erkinligi va huquqlari hamma yerda bir xil",- deydi Obama.

"AQSh Lotin Amerikasiga aql o'rgatishni istamaydi. Hamkorlik qilishni xohlaydi. Ichki ishlaringizga aralashmaymiz, lekin biz bilan aloqani kengaytirishni istasangiz, biz ham o'z manfaatlarimizni eslatamiz. Biz sizning tinch va erkin yashashingizdan manfaatdormiz", dedi Obama mintaqaviy sammitda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG