Amerika: Tenglik uchun hali oxiriga yetmagan

  • Amerika Ovozi

Prezident Lindon Jonsonning fuqaro huquqlari harakati yetakchilari bilan uchrashuvi, Oq uy, 1964-yil yanvar

Prezident Lindon Jonsonning fuqaro huquqlari harakati yetakchilari bilan uchrashuvi, Oq uy, 1964-yil yanvar

1964-yilda AQSh prezidenti Lindon Jonson qonun oldida barcha fuqarolar teng degan qonunga imzo chekkan. Oradan qariyb yarim asr o’tib, bu davlatni qora tanli rahbar yuritmoqda.
Texas poytaxti Ostin shahrida, Lindon Jonson kutubxonasida o’tgan fuqaro huquqlari sammitida sobiq prezidentlar Jorj Bush, Bill Klinton, Jimmi Karter hamda tenglik uchun kurashgan arboblar qatnashdi.

Prezident Barak Obama mehmonlar oldida qilgan nutqida odamlarni jinsi, irqi, rangi va e’tiqodiga qarab ajratishga nuqta qo’ygan tarixiy hujjat ahamiyatiga to’xtaldi.

1965-yilga borib, ovoz berishda diskriminatsiyani taqiqlash, ozchilikdagi guruhlarni ro’yxatga olish to’g’risida qator qonunlar qabul qilingan va ularning ijrosini ta’minlash uchun choralar ko’rilgan.

“Ana o’sha sa’y-harakatlar”, deydi Barak Obama, “nafaqat oq va qoralar, balki o’zini xotin-qizlar, latino va osiyolik jamoalar, qolaversa nogiron amerikaliklar uchun imkoniyatlar eshiklarini ochib bergan”.

Obama Lindon Jonsonni erkinlik uchun kurashda chekinmagan matonatli inson bo’lgan deya maqtadi. Agar bu qonunlar ovozdan o’tsa, Demokratik partiya butun janubni qo’ldan boy beradi, siz ham qayta saylana olmaysiz, deb Jonsonni ko’p marta ogohlantirishgan o’shanda.

“Maslahatchilaridan biri prezident behuda ishlarga – ular qanchalik muhim bo’lmasin – qimmatli vaqtini sarflamasligi kerak, deb ro’yirost aytgan. Jonsonning unga javobi: Unda prezident nima uchun kerak? Agar o’zi ishongan narsa uchun kurashmasa, bu oliy lavozimdan nima foyda?”

Ammo Jonson boshlagan kurash hali oxiriga yetmagan.

“50 yil ilgari bo’lgani kabi, hozir ham adolatli jamiyat barpo etishni xomxayol deb biladiganlar bor. Barcha illatlarda hukumatni ayblashga, kambag’allik deganda muhtojlarning o’zini aybdor qilib ko’rsatishga o’rganib qolishgan”, - deydi Obama.

AQSh rahbariga ko’ra, ta’lim, sog’liqni saqlash va yoki boshqa istagan bir sohani oling, har bir fuqaro o’z huquqlaridan to’liq foydalana olishini ta’minlash uchun hukumat javobgar.

Fuqaro huquqlari harakati yetakchisi, kongressmen Jon Luisning aytishicha, Amerika teng huquqli jamiyat bo’lishi uchun hali ko’p ter to’kish kerak.

“Prezident Obama ham buni yaxshi tushunadi. Shu bois jamiyatda haqiqiy o’zgarish qilish uchun ikki urushni oxiriga yetkazyapti va tibbiy islohotlarni boshlab berdi”, - deydi kongressmen.

To’siq va mashaqqatlarga qaramasdan, Amerika oldinga qarab ketaveradi, taraqqiyotni to’xtata olmaysiz, deydi Obama.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG