Breaking News

Klinton va Obama: Saylov natijalarini tan olaylik


Yangi saylangan Prezident Donald Trump va Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan Kongressdagi uchrashuvdan so'ng, 10-noyabr, 2016-yil
Yangi saylangan Prezident Donald Trump va Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan Kongressdagi uchrashuvdan so'ng, 10-noyabr, 2016-yil

Donald Tramp g’alabasidan so’ng saylov kampaniyasi paytida unga qarshi turgan siyosiy arboblar mamlakatni birlikka chaqirib, yangi rahbarga omad tiladi. Xillari Klinton g’alaba qilishini da’vo qilib kelgan tahlilchi va sotsiologlar bashoratlari nega xato bo’lib chiqqanini o’rganishga kirishdi.

20-yanvar kuni qasamyod keltirgach, Tramp rasman prezidentlikka kirishadi.

Klinton o’z tarafdorlaridan Trampga ochiq ko’ngil bilan qarab, mamlakatni boshqarishiga imkon berishni so’radi.

“Amerika biz o’ylagandan ko’ra ancha bo’linganini ko’rdik, ammo Amerikaga ishonchim katta va doim shunday bo’ladi. Agar siz ham shunday fikrda bo’lsangiz, saylov natijasini qabul qilib, kelajakka boqishimiz zarur”, - dedi Klinton.

Saylov kampaniyasi paytida Klinton uchun jon-jahdi bilan tashviqot olib borgan amaldagi Prezident Barak Obama ham turli siyosiy qarashlarga ega amerikaliklarni Trampga ergashib, uni qo’llab-quvvatlashga chaqirdi.

“Biz demokrat yoki respublikachi emas, biz avvalambor amerikalikmiz, vatanparvarmiz. Hammamiz mamlakatimiz yashi bo’lishini xohlaymiz. Janob Trampning kechagi nutqidan ham shuni bildim. Uni tabriklash uchun qo’ng’iroq qilganimda ham menga shuni aytdi va bundan ta’sirlandim”, - dedi Obama.

Saylov natijasi chorshanbaga o’tar kechasi aniqlandi.

“Hamkorlikda ish qilishimiz hamda buyuk mamlakatimizni birlashtirishimiz uchun meni o’tmishda qo’llab-quvvatlamagan odamlardan yo’l-yo’riq va yordam so’rayman”, - dedi Tramp qutlov nutqida.

Respublikachilar Kongressning har ikki palatasini ham nazorat qiladi, bu esa Tramp ishini osonlashtirishi mumkin.

“Boshqa nomzodlardan farqli o’laroq, Tramp odamlarning yuragiga yo’l topa oldi. U siyosatni ostin-ustun qildi. Endi esa respublikachilar qo’liga o’tgan hukumatni boshqaradi”, - dedi Vakillar palatasi spikeri Pol Rayan.

Tramp g’alabasi uchun iqtisodiy ahvoldan charchagan oq tanli ishchilar sinfiga rahmat aytishi kerak, deydi Brukings institutidan Norman Ayzen.

“2008-yilgi moliyaviy inqirozning salbiy oqibatlaridan, Amerika iqtisodiyoti transformatsiyasidan hamda bu o’zgarishlarning so’nggi bir necha o’n yilda ishchilar va o’rta hol fuqarolarga ta’siridan norozi bo’lganlar Trampga ovoz berdi”, - deydi tahlilchi.

Saylovdan oldingi aksariyat so’rovlar Klinton foydasiga edi, ammo sotsiolog va tahlilchilar adashdi, deydi Molli Reynolds.

“Balki saylovchilarga to’g’ri savollar berilmagandir? Balki saylovga chiqadigan odamlarning kimligini aniq bilishmagandir? Bashoratlar haqiqatdan nega farq qilganini o’rganib chiqish ularning vazifasi endi”, - deydi Brukings instituti tahlilchisi.

Trampning vazifasi esa yangi ma’muriyat tarkibini tuzish.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG