Obama qonunchilarni Kubaga taklif qildi

  • Amerika Ovozi

Kelasi hafta Kubaga safar qilishi rejalangan Prezident Barak Obama har ikkala siyosiy partiyaning Kongressdagi vakillarini o’zi bilan borishga taklif etdi. Ro’yxat oshkor etilmagan bo’lsa-da, qator senatorlar taklifnoma olganini tasdiqlamoqda.

Respublikachi senator Jeff Fleyk Kubaga jon deb borishi haqida Twitter ijtimoiy tarmog’i orqali ma’lum qildi va yaqin orada Kongress barcha amerikaliklarga orolga bemalol borib-kelish imkonini berishiga umid bildirdi.

Respublikachi Jerri Moran esa kelasi hafta boshqa ish bilan bandligini aytib, taklifni rad etdi. Biroq kanzaslik senator Kubaga qishloq xo’jaligi mahsulotlarini sotishni anchadan beri qo’llab-quvvatlab keladi.

"Iqtisodiy aloqalar Kuba hukumatini biz bilan, xalqimiz bilan munosabatlarni o’zgartirishga undaydi. Iqtisodiy imkoniyatlarning kengayishi fuqarolar erkinliklari va huquqlarining ham kengayishini taqozo etadi. Bu ikki masala bir-biri bilan bog’liq”, - deydi senator.

Obamaning Kuba bilan diplomatik aloqalarni tiklash siyosatiga qanday qaraysiz, degan savolga Moran “50-60 yildan keyin boshqacha taktikani sinab ko’rishning zarari yo’q”, deb javob berdi.

Ammo demokrat senator, kelib chiqishi kubalik Robert Menendez fikricha, Kastro rahbarligidagi davlatda inson huquqlari ahvoli shu qadar yomonki, Vashington Gavana bilan diplomatik aloqalarni tiklamasligi kerak. Menendez kabi ota yoki onasi kubalik bo’lgan respublikachi senatorlar, prezidentlikka da’vo qilayotgan Ted Kruz va Marko Rubio ham Obamaning sobiq dushmanga nisbatan siyosatidan norozi.

Senatning demokrat a’zosi Richard Durbin esa masalaga boshqacha yondashadi.

“Prezident Obama tashqi siyosatni yangi darajaga olib chiqdi. Bu pragmatik siyosat bo’lib, biz kubaliklar bilan aloqalarni tiklayapmiz, orolga yangi g’oyalar, yangi mafkura va dunyoqarash yetib borsin, deymiz. Prezident, odatda, tashrif buyuradigan davlatlar orasida shundaylari borki, biz u yerdagi rahbarlar va ular olib borayotgan siyosatni ma’qullamaymiz. Ammo ular bilan muloqotni to’xtatmaymiz, aksincha, ularni demokratik mezonlar sari qadam qo’yishga undaymiz. Kuba masalasida ham aynan shunday qilinmoqda”, - deydi u.

Durbin Obama bilan Kubaga borish niyatida, shu sababli rejalarini o’zgartirmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG