Eron bilan kelishuv Kongressda vetoga uchramasligi mumkin

  • Amerika Ovozi

Senatorlar Barbara Mikulski va Charlz Shumer. Shumer Eron bilan kelishuvga qarshi, Mikulski esa bu to'g'ri qaror deydi.

Senatorlar Barbara Mikulski va Charlz Shumer. Shumer Eron bilan kelishuvga qarshi, Mikulski esa bu to'g'ri qaror deydi.

Merilend shtatidan AQSh Senatiga saylangan qonunchi Eron bilan imzolangan bitimni qo'llab-quvvatlashini rasman e'lon qilgani Prezident Barak Obamaning yutug'i sifatida baholanmoqda.

Bugun Demokratlar partiyasining Senatdagi vakili Barbara Mikulski yadroviy bitimga ovoz berishini rasman bildirgan 34-senator bo'ldi. Respublikachilarning Obama vetosidan o'tishiga aynan shuncha qonunchi to'siq qo'yishi mumkin.

Shartnoma tanqidchilari asosan respublikachilar bo'lib, ular Senat va Vakillar Palatasida ko'pchilikni tashkil etadi. Shu bois bitimning Kongressda tasdiqlanmasligi ayon. Shunday bo'lgan taqdirda, Obama qonunchilar qaroriga veto qo'yishini bildirgan. Undan o'tish uchun esa har ikki palatada qonunchilarning uchdan ikki qismi vetoga qarshi ovoz berishi kerak. Senator Mikulski bugungi bayonoti bilan respublikachilarning umidini puchga chiqardi.

"Erondek rejim bilan kelishuv bo'lmasa, yaxshi bo'lardi, ammo hozircha bu Tehronga atom quroli yaratishga to'siq qo'yishga qodir yagona choradir", - dedi senator.

Kelasi hafta AQSh Kongressida Eron bilan imzolangan yadroviy bitim xususida munozaralar boshlanadi, so'ng masala ovozga qo'yiladi. Respublikachilar iyul oyida erishilgan kelishuvni tanqid qilib, unga qarshi ovoz berishini bildirmoqda.

Ularga ko'ra, shartnoma Eronni yadro quroli yaratish salohiyatidan ayirmaydi. Bundan tashqari, deydi ular, Tehron moliyaviy sanksiyalardan ozod bo'lsa, banklarda muzlatilgan pullar unga qaytarilib, islomiy respublika terrorchilarni moliyalashga kirishadi.

Prezident Barak Obama va Davlat kotibi Jon Kerri respublikachi qonunchilarni bitimga qarshi ovoz bermaslikka, bir qarorga kelmagan demokrat qonunchilarni esa uni ma'qulashga undamoqda.

Kecha Pennsilvaniyadan senator Bob Keysi va Delaverdan senator Kris Kuns kelishuvni qo'llab-quvvatlashini bildirdi. Senator Bob Kardin hozircha bir qarorga kelmagan. Faqat ikki demokrat senator qarshi ovoz berishini bildirgan, 10 nafari hali o'ylanmoqda.

So'nggi ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, amerikaliklarning 52 foizi kelishuvni yoqlamoqda, 47 foizi qarshi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG