Obama: Iqlim muammolarini keyingi avlodga qoldirmaylik

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obamaning aytishicha, AQShdagi tabiiy qo’riqxonalarda, milliy parklarda allaqachon iqlim o’zgarishi ta’sirini ko’rish mumkin. Bu muammolarni keyingi avlodga qoldirmaslik kerak, deydi prezident.

Obama yaqinda Kaliforniya shtatida 300 ming gektar maydonni egallagan Yosemiti zonasida bo’ldi.

Yosemiti parkidagi yashil o’rmonzorlar, sharshara va vodiylar, hayvonot dunyosi har yili to’rt million sayyohni o’ziga jalb etadi. Bu yerga oilasi bilan tashrif buyurgan Obamaning aytishicha, iqlimda bo’layotgan o’zgarishlar cho’pchak emas.

“Reynjerlar bilan gaplashdim. O’tloqzorlar qurib borayotgani, qushlar shimol tomon ko’chayotganini aytishdi. Sut emizuvchi hayvonlar ham yangi muhitga o’rgana olmayapti. Yosemitidagi eng katta muzlik deyarli butunlay erib ketdi”, - deydi prezident.

Obama inson qadami yetmagan 100 million gektar yer va daryolarni maxsus hududlar deb belgilab, qo’riqlashga ko’rsatma bergan. Shuningdek, AQSh tarixida ilk marotabaelektr stansiyalar faoliyatini tartibga solish dasturi qabul qilindi.

Rejaga ko’ra, stansiyalar harorat ko’tarilishiga sabab bo’layotgan gazlarni 2030-yilgacha 30 foizga kamaytirishi kerak. Kentuki singari ko’mir sanoatiga tayanuvchi shtatlar, tabiiyki, bunga qarshi. Bu sanoat bilan ishlaydigan kompaniyalar ham ertangi kundan tashvishda.

Bu orada, Yevropadagi tabiatparvar faollar nazarida Qo’shma Shtatlar o’zida ko’mir iste’molini kamaytirib, mahsulotni boshqa davlatlarga sotishga harakat qilayapti.

Masalan, 2008-yildan buyon AQSh Germaniyaga ko’mir eksportini ikki baravar ko’paytirdi. Ko’mir tabiiy gaz va atom energiyasidan arzonroq bo’lgani uchun xaridor topiladi.

“Amerika arzon ko’mir yetkazishi tufayli Yevropa ko’mir bozorida kattagina ulushga ega. AQShda ko’proq gaz ishlab chiqarilayotgani sabab ko’mir narxi tushib ketgan”, - deydi Stefan Pol, Germaniyada ko'mir zavodi direktori.

Amerikada milliy bog’lar tizmasi yaratilganiga bir asr to’ldi. Unga 400 dan ziyod tabiat zonalari, qo’riqxonalar va parklar kiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG