Obama: G’arb va islom dunyosi o’rtasida tafovut bor degan gaplar asossiz

  • Amerika Ovozi

AQSh rahbari Barak Obamaning qayd etishicha, uning davlati islomga qarshi urushda emas. Aksincha, islomni badnom qilayotgan vahshiy guruhlarga qarshi kurashyapmiz, deydi u.

Oq uy mezbonligida o’tgan xalqaro anjumanda “terrorchilar bir milliard musulmon nomidan gapira olmaydi” degan bayonotlar yangradi.

AQSh islomiy jangarilarga qarshi kurashda asosan harbiy choralarga zo’r berib kelayapti. Prezident Obama fikricha, masalaning mafkuraviy jihatlarini, yoshlar radikalizmga berilishi sabablarini muhokama qilish payti yetdi.

AQSh rahbari “islomiy ekstremizm” degan iborani rad etadi. Bu e’tiqodlararo yoki madaniyatlararo urush emas, insoniylik uchun kurash, deydi u.

“Islomiy davlat” terror tizimi sodir etgan vahshiyliklar, kallakesarlikdan jahon ahli dahshatda. Guruh safida qariyb 20 ming xorijlik bor, jumladan Amerika fuqarolari. Minneapolis kabi muhojirlar yashaydigan shaharlardan yollangan.

Aynan shu kabi muhojir jamoalarda diskriminatsiya, muhtojlik, savodsizlik va korrupsiya keng tarqalgan. Umidsizlangan yoshlar terroristlar uchun oson o’ljaga aylanmoqda, deydi prezident.

Oq uyda o’tgan anjumanda turli davlat vazirlari, diniy yetakchilar, huquq-tartibot xodimlari masalani obdon muhokama qildi.

"Islomiy davlat" va al-Qoida kabi guruhlariga "biz musulmonmiz va qilayotgan ishimiz islom" deya o'zini targ'ib qilishiga yo'l bermaslik kerak. Islom ahli bu guruhlarni tubdan inkor etib, yosh avlodga haqiqiy islomdan saboq berishi lozim. G’arb davlatlari va islom dunyosi o’rtasida qandaydir tafovut bor degan gaplar asossiz”, - deydi prezident.

AQShning katta muhojir jamoalar yashaydigan shahar va qishloqlarida yoshlarga qaratilgan dasturlar ishlab chiqilmoqda. Bunda diniy yetakchilarning maslahat-takliflari muhim. Ular ham Obamani tinglash uchun Oq uyga tashrif buyurdi.

“Har bir inson tinchlik va farovonlikda yashashga haqli. Islom bayrog’i ostida terrorizmni targ’ib qilayotganlarni qoralaymiz”, - deydi imom Abdusalom Adam.

AQSh "Islomiy davlat" singari qonxo'r guruhlarni yo'q qilish uchun barcha chorani ko'rmoqda. Yoshlar uchun ko’proq imkoniyatlar yaratish, iqtisodiy-ijtimoiy muammolarni hal qilish bu choralarning muhim qismidir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG