Obama jinoyatchilarni jazolash tizimini isloh qilishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Barak Obama

AQSh Prezidenti Barak Obama

Qo'shma Shtatlar qamoqxonalaridagi ikki milliondan ziyod mahbuslar sonini kamaytirishga bel bog'lagan. Shu maqsadda prezident yuzdan ortiq politsiya rahbarlari, prokurorlar va jinoiy huquq mutaxassislari bilan uchrashdi.

Adliya tizimida adolat mavzusini o'rganuvchi Marshal loyihasi tashkil etgan forumda ham shu masala muhokama etildi.

"Dunyoda eng ko'p mahbusga ega davlat biz ekanimiz ortiq sir emas, - deydi forum boshqaruvchisi Bil Keller. - Xitoyga qaraganda to'rt barobar, Angliyadan besh barobar, Germaniyadan esa 9 barobar ko'p odamni qamoqqa tiqamiz".

Kellerga ko'ra, AQSh boshqa davlatlarga qaraganda jinoyatchilarni qattiqroq jazolaydi va mahbuslarni qayta tarbiyalashni uddalay olmaydi.

Prezidentning ta'kidlashicha, AQSh har yili jinoyatchilarni jazolash uchun 80 milliard dollar mablag' sarflaydi.

"Agar jazolashda va giyohvandlik bilan bog'liq jinoyatlarni bir yoqli qilishda aqlliroq yo'l tutsak hamda qayta tarbiyalanish jarayonini dalillarga asoslangan qarash asosida yuritsak, ko'proq pul tejab, ko'chalarga ko'proq politsiyachi qo'yishimiz mumkin hamda prokurorlar xavfliroq boshqa jinoyatchilarga qarshi kurash bilan band bo'ladi", - dedi Obama.

Yaqinda Senat qo'mitasi giyohvandlik bilan bog'liq nozo'ravon jinoyatlarga jazo muddatlarini kamaytirish haqida qonun loyihasini tayyorladi. Har ikki partiya qo'llab-quvvatlovini olgan qonun Senat tasdig'idan o'tishi kutilyapti.

"Agar Amerikadagi adliya tizimini kasallikka qarshi qaratilgan muolaja deb hisoblasak, berilayotgan jazo choralari dorining dozasini belgilaydi. Hozir AQShda jinoyatchilik boshqa bir darajada va unga boshqacha doza belgilash kerak. Barcha jinoyatlar bir xil javobgarlikni keltirib chiqarmasligini, ayrimlari mubtalolik va ruhiy kasallikdan ekanini anglashimiz kerak", - deydi Los-Anjeles politsiyasi rahbari Charli Bek.

Kolorado shtati prokurori Jon Volshga ko'ra, prokurorlar majburiy minimum jazo choralarini qo'llashni kamaytirmoqda, ammo barcha belgilangan jazolardan voz kechish to'g'ri emas.

Shu bois bir guruh prokurorlar yangi o'zgarishlardan norozi. Ularga ko'ra, jazo choralari jinoyat turiga qarab adolat bilan taqsimlangan.

"Minimum majburiy jazoga tutilish uchun siz giyohvand moddalar tarqatishda ishtirok etgan yoki katta hajmdagi narkotik moddaga tarqatish niyati bilan egalik qilgan bo'lishingiz kerak. Bular to'g'ri choralar", - deydi Volsh.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG