Kongress a'zolari Obamaning Kuba safarini qanday baholamoqda?

  • Amerika Ovozi

Prezident Obamaning Kubaga safari Kongressda turlicha baholanmoqda. Ayrim qonunchilar prezidentning bu tashabbusini qo’llab-quvvatlagan bo’lsa, boshqalar nazarida Kuba-AQSh aloqalarining tiklangani orolda siyosiy o’zgarishlarga olib kelmaydi.

“Munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan harakat orolda erkinlik va demokratiyaning mag’lub bo’lishiga olib keldi”, - deydi respublikachi kongressmen ayol Ileana Ros-Leytinen.

Kongress Vakillar palatasida Obamaning Kubaga safari tanqidga uchradi.

“Amerikaning shuncha murosalariga qaramay, Kastro rejimi o’zgarish bo’lmasligini bildirdi. Kuba xalqi bundan yaxshiroq hayotga loyiq emasmi?” - deydi Ros-Leytinen.

Kuba safari tarafdorlari ham dissidentlarga qarshi ta’qiblardan xavotirda.

“Agar qarama-qarshi fikrlarga yo’l berilmasa, Kuba ko’zlagan maqsadiga erisha olmaydi”, - deydi kongressmen Klayburn.

Uning ta’kidlashicha, Kuba bilan muloqot tezkor o’zgarishlarga olib kelmadi, ammo yarim asrlik yakkalash siyosatidan ham foyda bo’lmagan.

“Kuba bilan aloqalarni yaxshilash siyosatini qo’llab-quvvatlayman. Bungacha olib borgan siyosatimiz ish bermadi”, - deydi u.

Yana bir demokrat qonunchi ijobiy o’zgarishlar bo’lishiga ishonadi.

“Kuba xalqiga toza havo keltirdik. Amerikadek do’st mamlakat bilan yangi aloqalar iqtisodiyoti va hayotini yaxshilashiga, ish sharoitlarini yaxshilashiga, zug’umning kamayishiga kubaliklarda umid paydo qildi”, - deydi Janis Xan.

Obama va Kuba Prezidenti Raul Kastro AQSh iqtisodiy embargosini tugatish tarafdori ekanini bildirayotgan bir paytda Kongressni nazorat qilayotgan respublikachilar bunga qarshi.

“Prezident embargoni bekor qilish rejasini qo’llab-quvvatlayapti, ammo savdoning oshishidan Kuba xalqi foyda ko’rmasligini tan olmayapti. Bundan, asosan, Kuba armiyasi va maxsus xizmatlariga foyda bo’ladi”, - deydi respublikachi kongressmen Jo Uilson.

Tahlilchilarga ko’ra, Obama embargoning ayrim tomonlarini yumshatdi.

“Obama qator farmonlari bilan embargoni zaiflashtirishga muvaffaq bo’ldi. Kubaga safar qilish kengaydi, moliyaviy cheklovlar yumshadi”, - deydi Xalqaro siyosat markazidan Elizabet Nyuxaus.

Kuba bilan aloqalarning tiklangani hali ancha yil muhokama etiladigan ko’rinadi.

“Obama ma’muriyati davrida Amerika Kastrodan azob chekkanlarni unutib qo’ydi. Bu achinarli hol. Obamaning prezidentligi shunisi bilan esda qoladi”, - deydi respublikachi Ileana Ros-Leytinen.

Dunyo nigohi endi Prezident Kastro va Kuba xalqiga qaratilgan. Amerika bilan do’stona aloqalarga sodiq ekanini endi isbotlashlari kerak”, - deydi demokrat Janis Xan.

Do’stona aloqalarning umri qancha bo’lishi noyabrda AQShda kim prezident bo’lishiga ham bog’liq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG