Yarim asr o'tib, Amerika Kubadagi elchixonasini qayta ochadi

  • Amerika Ovozi

Orqadagi bino - AQSh elchixonasi

Orqadagi bino - AQSh elchixonasi

Qo’shma Shtatlarning Kubadagi elchixonasi 1961-yildan buyon ilk bor eshiklarini qayta ochadi. Vashington kommunistik davlatga nisbatan izolyatsion siyosatidan voz kechdi.

Yarim asrdan oshibdiki, bir paytlar AQSh elchixonasi bo’lgan mana bu imorat Vashington va Gavana o’rtasidagi muzlab qolgan aloqalarning timsoli bo’lib kelgan.

Prezident Barak Obama elchixona qayta ishga tushishini rasman e’lon qildi.

“Gavanada bayrog’imiz yana hilpirab turishini bir yil oldin hech kim xayoliga ham keltira olmagan bo’lardi. Mana sizga haqiqiy o’zgarish”, - deydi u.

AQSh Kongressidagi tanqidchilar va kubalik dissidentlar fikricha, aloqalar tiklanayotgani zolim hukumatga iltifotdir.

Kubada huquq himoyachilari doimiy bosim ostida, aksar aholi internetga ulana olmaydi. Ammo Prezident Obama deydiki, erkinlik shamoli orolga yetib keladi.

“Kubada ahvol bir kechada o’zgarib qolmaydi. Lekin ishonamanki, elchixonamiz orqali qancha aloqa qilsak, xalqlarimiz bir-birga yaqinlashsa, demokratik o’zgarishlar olib kelishning eng yaxshi yo’li shu”.

Tarixan, AQSh Lotin Amerikasida repressiv hukumatlarni qo’llab-quvvatlagani uchun ko’p tanqidga uchragan.

Kuba bilan munosabatlar tiklanar ekan, Ozod Kuba markazi direktori Frank Kalzon deydiki, AQSh diktatorlar bilan apoq-chapoq ekani haqidagi tasavvurlar o’zgarmaydi.

“Prezident Obamaning Raul Kastroga qo’l bergan surati ana o’sha xato siyosatning davomi deb qabul qilinadi”, - deydi u.

Tanqidlarga qaramasdan, aloqalar oldinga siljimoqda. Yaqin orada AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Gavanaga safar qilib, elchixona binosi uzra Amerika bayrog’ini ko’tarish marosimida qatnashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG