Obama Kubada inson huquqlari masalasini ko'taradi

  • Amerika Ovozi

Kelasi hafta AQSh rahbari Barak Obamaning Kubaga tarixiy safari o'rin oladi. Ikki davlat o'rtasida diplomatik aloqalar tiklangan bo'lsa-da, hali ziddiyatlar ko'p. Masalan, orol davlatda inson huquqlari masalasida ijobiy o'zgarishlar yuz bergani yo'q, deydi AQSh rasmiylari.

Kubaga sayyohlar oqib kelayotgan bir paytda AQShga qochayotgan kubaliklar soni kamaygani yo'q.

"Amerika dunyodagi eng ulkan orzu. Biz Kastrolardan qochib keldik", - deydi muhojirlardan biri.

Prezident Obama kelajakdan umidvor. "Amerika manfaatlari va qadriyatlarini targ'ib qilishning eng yaxshi yo'li muloqot. Kubaliklarga yordam berishning eng yaxshi yo'li esa ularning hayotini yaxshilash", - deydi u.

"O'tgan yili Kubada siyosiy sabablar bilan 8616 kishi hibsga olingani ma'lum, bu juda ko'p", - deydi qonunchi Mario Dias-Balart.

Tanqidchilar nazarida, AQSh prezidenti bunday davlatga bormasligi kerak.

"Kastro rejimi inson huquqlari bobida ijobiy qadam qo'ygani yo'q. Aksincha, ahvol yomonlashgan", - deydi respublikachi kongressmen.

"Jiddiy o'zgarishni kuzatish qiyin. Bu uzoq vaqt oladi. 1959-yildan beri hukmronlik qilayotgan hukumat bu. O'zgarishlarga qarshilik kuchli. Kubaning qaysi yo'ldan yurishi haqida bir narsa deyishga hali erta", - deydi tahlilchi Maykl Shifter.

Obama bo'sh kelmasligini aytmoqda.

"Kuba hukumati bilan mavjud kelishmovchiliklarimiz haqida ochiq gapiraman. Xususan, demokratiya va inson huquqlari haqida. AQSh so'z erkinligi, din va uyushish huquqlari kabi umumjahon qadriyatlarni himoya qilishda davom etadi", - dedi Obama.

"Kuba AQSh hukumati bilan har qanday masalani, jumladan, inson huquqlarini muhokama qilishga tayyor", - deydi Kuba Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi.

"Kubada saylovlar bo'lmaydi. Tanlash imkoniyati yo'q. AQSh va Kuba aloqalari yaxshi bo'lishini xohlayman. Muammo shundaki, ikkinchi tomon ham o'zgarishi kerak", - deydi amerikalik senator Marko Rubio.

Obamaning tashrifiga umid bilan qarayotganlar ham yo'q emas.

"AQSh Kuba hukumatini biroz ochilishga undamoqchi. Bu yarim asr davomida olib borilgan va samara bermagan siyosatdan farqli yondashuv", - deydi Shifter.

Tahlilchiga ko'ra, Obamaning tashrifini mintaqadagi barcha davlatlar yaqindan kuzatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG